ВУЗ: Не указан

Категория: Не указан

Дисциплина: Не указана

Добавлен: 11.01.2024

Просмотров: 254

Скачиваний: 5

ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.


Ona tili va adabiyoti fanidan

DIKTANTLAR TO’PLAMI


DIKTANT

Ikki do'st

Ikki oshna yoshlikdan birga o'sdilar. Davr kelib ikkalasi ham o'z baxtini izlab yo'lga chiqsalar, ikki yo'l uchraydi. Biri bir tomonga, ikkinchisi boshqa tomonga yo'l oladilar. Ulardan biri shaharma-shahar yurib ilm-u hunar orttiradi. Ikkinchisi, borgan shahrida podshoh saylash uchun uchirilgan semurg' qush tasodifan uning boshiga qo'nib, shu shaharga shoh bo'lib qoldi. Yillar o'tib, do'sti shu shaharga keladi. Har yerga qo'yilgan shahar shohining rasmiga ko'zi tusha-di. Do'stining iqbolidan shodlanib, uni ko'rishga oshiqdi. Podshoh saroyiga borib uning huzuriga kirdi. Podshoh uni tanib, tanimaslikka oldi. U kuyunib, yonib «Axir men sening do'sting falonchiman-ku!» deb o'zini tanitdi. Podshoh esa: «Xo'sh, mendan nima istaysan», dedi. Do'sti esa «Sendan hech qanday iltimosim yo'q. Shahringga kelsam, xalq orasida podshohning ko'zlari ojiz bo'lib qolibdi, degan xunuk xabarni eshitdim. Shuning uchun do'stimning holidan xabar olay deb huzuringga kelgan edim», debdi-yu, yo'liga qaytibdi.

(133 so 'z. «Saodatnoma»)

Go'zallik ta'rifi

Go'zallik deganda, ko'z oldimga birinchi bo'lib gul tasviri keladi. Balki gul go'zallik ramzidir. Go'zallikni his qilmay turib, u haqida gapirish go'yoki gulni ko'rmasdan uni tavsiflashga o'xshaydi. Go'zallik hech qanday qolipga sig'maydi. U o'z nomi bilan go'zallik. U haqida gapirganda uzoq yo'lga otlanish oldidan kerakli buyumlarini chamadonga solayotgan sayyohni eslayman. Sayyoh barcha kerakli narsalarai chamadonga joylab, uni arang berkitadi, kerakli nimasidir esiga tushib, yana ming azobda ochib yopadi, yana kerakli narsalar chiqaveradi-chiqaveradi. qoldirib ketishga ko'zi qiymaydi...

Insonda ichki go'zallik muhim deyishadi. Lekin sonlar xotirasida siz birinchi taassurotni chehrangiz bilan qoldirasiz. Qalbi go'zal insonlarning yuzi ham go’zal bo'ladi, deydiganlar yuz foiz haq. Chunki qalbdagi yuzlardan va nigohlardan taraladi. Go'zallik nafi yuzdan, so'zdan va amaldan, balki o'zingiz yashaydi maskandan ham ufurib turishi lozim. Inson xulq-atvorining atrofini go'zallashtirgani sari o'zi ham go'zallashib boradi.

(134 so 'z. D. Abdusattorova “Ezgulik”)

Kamtarlik

Kamtarlik - inson qiyofasini bezovchi bebaho fazilatlardan biri. Haqiqiy kamtarlik, insonparvarlik, odamiylik kabi xislatlar bilan uzviy bog'liqdir. Kamtar odam o'zini hech qachon mehnatkash xalqdan ustun qo'ymaydi. Xalq bilan doimo bir tan, bir jon bo'lib yashaydi. Oilada, turmushda, yurish-turishda, kiyinishda oddiy odamlarga nisbatan samimiy munosabatda bo'ladilar.

«Kamtar kam bo'lmas», «Kamtarga kamol», - deydi dono xalqimiz. Isbot talab qilmaydigan bu haqiqat ming yilliklarning sinovidan o'tib kelmoqda. Shu bois, kuyunchak birodarlarimiz o'z yaqin qadrdonlariga doimo kamtar bo'l, kamsuqum bo'l, kam bo'lmaysan deb nasihat qiladilar. Chinakam kamtar, chinakam kamsuqum kishilardan har qanday buyuklikni, har qanday fidoyilikni kutish mumkin. Chunki, undaylar ota-ona-yu do'st - birodarlarga samimiy mehr-muhabbat ko'rsatishni, ko'zlagan maqsad sari sabr bardosh bilan intilishni o'z hayotlarining mazmun-mohiyati deb biladilar.

(116so'z. U. Mahkamov, “Axloq-odob masalalati”)

Qush tili

Alisher Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr»ini zavq bilan o'qiydi. Bu kitobni o'qiganda u o'zini ajoyib bir bog' ichida yurgandek his qiladi. Bugun ham uning ko'z o'ngida bahaybat semurg' qushining Xitoy ustida parvoz qilib yurgani gavdalandi. Semurg' qanotidan bir pat yerga tishib, butun mamlakatni nurga g'arq qilib yubordi. Nurga cho’mgan bir vodiyda kengash qurib o'tirgan to'ti, hudhud, qumri, tovus, bulbul, lochin va boshqa parrandalar Semurg' qushini o'zlariga boshliq qilib olishga qaror qilib, uni topib keltirish uchun parvoz qildilar. Biroq yo'lda qushlarning ba'zilari charchab, izlariga qaytmoqchi bo'ladi. Ularga boshchilik qilgan hudhud ajoyib hikoyalarni aytib, yarim yo’ldan qaytish yaramasligini tushuntiradi: Qushlar uning gapini ma'qul ko'rib, yana parvoz qiladilar. Parrandalardan faqat o'ttiztasi bir manzilga borib yetadi. Semurg' qush bunda ham topolmaydilar. Nihoyat, ular Semurg' o'zlari ekanini, tojikcha «simurg'» o'ttiz qush demak ekanini anglaydilar. Charchamay-hormay bir maqsadga intilish ularni semurg' darajasiga ko'targan.


(137so'z. Mirkarim O.

KEKSALIK – DONOLIK

Haqiqatan ham, keksalar juda dono bo'lishadi. Chunki ular o'z umrlari davomida ko'p narsalarni ko'rib-bilib, kerakli xulosalar chiqaradilar. Xalqimiz keksalarni e'zozlab: «Qarisi bor uyning - parisi bor» yoki «Qari bilganni - pari bilmas» maqollarini yaratgan. Bu maqollarda chuqur ma'no bor: qariyalar bor uy fayzli bo'ladi, chunki ular yoshlarga yo'l-yo'riq ko'rsatib, to'g'ri yo'lga boshlaydilar. Ularning ibratlari va nasihatlariga amal qilsangiz xonadoningiz nurga to'ladi.

Otaxon shoirimiz Quddus Muhammadiy «Aziz bobom» she'rida qariyalarni:

Bir aziz bobom bor dunyoda tanho,

Xushtabiat, xushqomat, muloyim, dono,

Ko'nglining kengligi yer, kurra, osmon.

Ko'zlari nuroniy oynayi jahon,

deb maqtaganlar. Inson hayoti bamisoli aylanguvchi charxpalakka o'xshaydi. U - bugun bola, so'ngra ulg'ayib ota-ona, keyin esa bobo, buvi bo'ladi. Buvilik, bobolik baxtiga muyassar bo'lganlar farzand va nabiralarini mehr-muhabbat bilan tarbiyalab, voyaga yetkazadilar.

Shuning uchun ham biz keksalarni doim e'zozlashimiz lozim. Prezidentimiz 2015-yilni «Keksalarni e’zozlash yili» deb e'lon qilganlari bejiz emas.

NAVRO`Z

Navro’z — quyosh yil hisobida yilning birinchi kuni O’rta Osiyo va Sharq mamlakatlarida yashovchi xalqlarning qadimiy, an’anaviy bayrami. Bahorgi teng kunlikka, ya’ni Quyoshning Hamal burjiga kirishiga to’g’ri keladi. Xivada «Navro’z» bayrami shodiyonasini boshlash bayrami ham hisoblanadi. Navro`z bayramida ommaviy xalq sayillari uyushtirilgan, yangi ungan ko’katlardan tansiq taomlar pishirilgan, ba’zi ekinlarni ekish boshlangan. Dastlab, Navro`z bayramini o’tkazish o’troq dehqonlarda rasm bo’lgan, keyinchalik ular orqali yarim o’troq va ko’chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Asrlar utishi bilan turli xalqlarda Navro`z bayramini o’tkazish marosimlari ularning turmush tarziga, mafkurasiga moslashgan.

Tarixiy manbalarga ko’ra, Navro`zni bayram qilish ahamoniylardavridan boshlangan va O’rta Osiyo, Eron, Afg’oniston xalqlarida eng katta bayramlardan biri hisoblangan. Bu o’lkalarga islom dini kiritilganidan keyin Navro`z bayrami man qilingan, ammo xalq o’z sevgan bayramini nishonlashda davom etgan. O’rta Osiyo va Eron xalklari arab xalifaligi hukmronligidan qutulgan davrdan boshlab, Navro`z bayramini o’tkazish yana rasmiy tus olgan.

NON HIKMATI

Nonning nomi ulug‘, nomidan ham o‘zi ulug‘. Bolaga ins-jins ziyon yetkazmasin deb, ona o‘z go‘dagi yostig‘i ostiga non qo‘ygan. Ota o‘g‘lini o‘zga yurtga safarga otlantirib, oq fotiha berarkan, «balo-qazolardan saqlaydi» degan ma’noda farzandining qo‘liga non tutqazgan.

Yo‘lga chiqqan bahodirga ota-onasi yoki suyuklisi non tishlatgan. Toki non-nasiba tortib, u uyga sog‘-salomat, beshikast qaytsin. Xastani, keksalarni ko‘rish, ustozni ziyorat qilish, hol-ahvol so‘rash uyiga non tugib borishdan boshlangan.
(«Oltin sandiq ochildi» kitobidan).

MAHALLAM - FAXRIM

Ikki tomoni shinam uylardan iborat ko'chadan o'tib bormoqdasiz. Har bir xonadon atrofi supurilgan, suv sepilgan. Ariqchadan suv oqib turibdi. Kimdir uyning ko'cha tomoniga tok ekib, so'ri qilingan. Boshqalar esa mevali daraxt ekkan. Kichik-kichik pollarga oshko'k sepilgan. Pomidor, baqlajon, bolgar garmdorisi o'sib yotibdi. Yana bir xonadon esa o'z hududiga zich qilib terak ekib tashlagan. Shu serfayz ko'chaning gavjumroq joyida "...mahalla idorasi" degan yozuvga ko'zingiz tushadi.

Mahalla haqida X asrda yashab o'tgan

buxorolik tarixchi Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far Narshaxiyning "Buxoro tarixi" kitobida ma'lumot ilk bor uchraydi. Hozir esa "mahalla" so'zini kunda bir necha bor eshitamiz va tilga olamiz. Buning sababi ko'pchiligimiz mahallada istiqomat qilamiz hamda uning ishida qatnashib turamiz.

Mahalla - asosan O'zbekistonga xos nodir hodisa. Mahallalarda istiqomat qiluvchi aholi umumiy qoidalar va an'analar bilan bog'langan.

E'tibor bergan bo'lsangiz, mahallalarda ko'pincha katta ko'cha bir tomonning ma'lum qismini va uni oralab ketgan ko'chalar, torko'chalar, berk ko'chalarni qamrab oladi. Mahallalar qanday tarkib topgan? Mahallalar odatda, asrlar davomida kasb-hunar yoki milliy belgilar asosida vujudga kelgan. Hozir biz Qoshiqchi, O'qchi, Degrezlik kabi mahallalar nomini eshitib qolamiz. Demak bu mahallalardan, qosliiq, o'q yasovchi, qozon quyuvchi ustalar yashagan. Ayrim mahallalar o'sha joyning relyefidan yoki boshqa belgilaridan kelib chiqib nomlangan. Ganchtepa, Shahidontepa, Chuqurqishloq, Balandmachit, Qatortol singari nomlar shu tarzda kelib chiqqan. Hozirgi paytda mahallalar aholi bilan ishlaydigan g'oyat muhim organga aylangan. Unga maxsus qonun bilan o'zini-o'zi boshqarish huquqi berilgan. Binobarin, mahallaning, unda istiqomat qiluvchi aholining barcha muammolari o'sha yerning o'zida hal etiladi.
BOZOR VA FAROVONLIK

Qaysi yurtning tuprog'i hosildor, iqlimi yaxshi, eng asosiysi odamlari mehnatkash bo'lsa, o'sha yerda to'kin-sochinlik, farovonlik va fayz-baraka bo'ladi.

Qadimdan qolgan bir naql bor: «Yurtning farovonligini, elning kayfiyatini bilishni istasang, bozorga bor».

Yoz va kuzning serbaraka hosili bozorlarimizni to'ldirib, elimiz dasturxonini noz-ne'matlar bilan bezamoqda. Sharqona bozorlarimizni tomosha qilgan sayyohlar uning turli-tuman, shirindan shakar meva-chevalarga boyligini ko'rib, yurtimizga havas qilishmoqda.

O'zbekistonning barcha shahar va tumanlarida qadimiy, ko'hna bozorlar qayta ta'mirlanmoqda hamda yangi, ko'rkam zamonaviy bozorlar barpo etilmoqda.

Sotiladigan mahsulot turiga ko'ra bozorlarning dehqon bozori, yoyma bozor, qurilish mahsulotlari bozori kabi turlari bor.

Ota-bobolarimiz sotuvchi va xaridor o'rtasidagi muomala odobiga alohida e'tibor berganlar. Bu borada Yusuf Xos Hojib bobomiz: «Savdoda kimki rostgo'y, fe'li to'g'ri bo'lsa, zarur bo'lganda unga mol topilmay qolmaydi», - deya nasihat qilganlar. Kaykovus bobomiz esa «Qobusnoma» kitobida: «Ey, o'g'lim, bozorda narsa sotmoqchi bo'lsang, oz foydaga qanoat qil, xaridorlarni o'zingdan uzoqlashtirma, molingning narxini oshirma. Xalq sening oldingga bir narsani olish yoki sotmoq uchun kelsa, shunday xushmuomala, shirinso'z bo'lginki, ular o'z mollariga qimmat narx qo'yishdan sharm qilsinlar. Hamisha to'g'ri so'zla, baxil bo'lma, kambag'allarga ehson qil», - deganlar.

Xalq orasida bozor haqida qadim-qadimdan turli naqllar to'qilgan: «Bozorda - boriga baraka», «Bozorga borib, baxtingni sina». Husayn Voiz Koshifiy bozorga borganda quyidagi yetti qoidaga rioya qilish zarurligini ta'kidlaganlar:

1. Hech kimni yelkang bilan turtma.

2. Kishilarning orqasidan tikilib qarama.

3. Og'zingni ochib anqayib yurma.

4. Birovni uzoqdan baland ovoz bilan chaqirma.

5. Ishing bo'lmasa, peshtaxta oldida turma.

6. Xarid qilmaydigan bo'lsang, molning narxini so'rama.

7. Zaruriyat bo'lmasa, oldi-sotdiga aralashma.

Shunday ekan, bozorda turli qo'pol so'zlarni ishlatib, xaridor haqiga xiyonat qilib, tarozidan urib qolish, nopok yo'l tutib, pul qaytimini to'g'ri bermaslik kabi yaramas odatlardan saqlanish lozim.
BOLALIK – BEG`UBORLIK

Bolalik! Naqadar beg'ubor, sershovqin, qiziquvchanlig-u soddadillikka to'la umr fasli bu. Bolalikni bahor fasliga o'xshatadilar. Haqiqatan ham bolalik o'zining barcha xislatlari bilan bahorni eslatadi. Siz, aziz bolajonlar, hozir umringizning eng go'zal, shirin, beg'ubor faslida yashamoqdasiz. Siz atrofingizda bo'layotgan barcha narsalarni kuzatib ulgurishga, uni tushunishga, o'rganishga, taqlid qilishga intilasiz. Sizning zavqlanishingiz ham, ranjishingiz ham juda oson. Biror narsadan xafa bo'lsangiz bormi, tezda ko'zingizga marjondek yosh keladi. Agar ko'nglingizni ko'tarib, tasalli berilsa, yana quyoshdek charaqlab ketasiz. Mana shu xislatlaringiz xuddi bahor havosini eslatadi.


Bolalikni bahorga o'xshatilishining yana boshqa sabablari ham bor. Ya'ni kuzda ko'tariladigan xirmon bahorda sepilgan urug'ga bog'liq bo'lgani kabi, sizning qanday insonlar bo'lib yetishishingiz, albatta, bolalikda nimalarni o'rganishingiz, qanday odatlarga ega bo'lishingiz, odob-axloqni qay yo'sinda egallashingizga bog'liqdir. Mana shuning uchun ham sizning eng birinchi vazifangiz ota-onangizning, el-yurtingizning odobli farzandi bo'lishdir.

«Bola aziz, odobi undan aziz», - deydi dono xalqimiz. Bolalikdan boshlab shirinso'z, atrofdagi kishilarga nisbatan mehr-shafqatli bo'lish, rostgo'ylikka intilish, o'jarlik qilmaslik kabi odatlarga o'rganib borish lozimdir.

Bolalik orzularga to'la davr: bolalar «Katta bo'lsam baland binolar quraman», «Uchuvchi, kosmonavt, san'atkor, yozuvchi bo'laman», «Hammaga yaxshilik qilishni istayman» deb orzu qiladilar.

Maktabki jon, ilm-u havo-yu odob erur . . .

Maktab, bolalik, o’quvchilik onlari . . . Bular qanday totli, ma’noli, yoqimli va unutilmas kunlar . . . Har qanday buyuk yoki mashhur kishilarga: “O’quvchilik davringiz haqida gapirib bering”, - desak, albatta, ularning lablarida tabassum ko’ramiz. Chunki har bir inson o’quvchilik davrini ana shunday bir zavq bilan esga oladi. Bizning quvonchimiz, Shodligimiz, bilimimiz poydevori – shu maktab!

Chingiz Aytmatov aytganlaridek, unga beparvolik bilan qarab bo’lmaydi. Bizni o’qishga, yozishga, hisoblashga, . . . kelajakda qanday yo’lni tanlashga o’rgatadigan – shu maktab.

Biz fidoyi ustozlarimiz Latifa opa, Saodat opalarni bir umr tabarruk va ardoqli insonlar deb bilamiz. Ustoz borki, ularning har biridan qarzdormiz.

Chunki ustoz bilim chashmalari ko’zini ochadi, navqiron tadbirlar yo’nalishlarini belgilaydi. Ilm so’qmoqlari behadligi sababli ularga yo’l boshlaydi.

Ularning barchasi cheksiz ehtirom va hurmatga sazovordirlar. (114 so’z)

She’riyatmiz malikasi

Zulfiya opa deganda, daf’atan ko’z oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan bir chamanzor namoyon bo’ladi . Zulfiya opa qahramon, ulkan jamoat arbobi , murabbiy va muharridir. Shoira o’z suhbatlarida, maqolalarida o’zlarini g’oyatda kamtar tutib, kam ijod qilganliklarini chiroyli bir nadomat bilan aytib turadilar .

Mamlakatimizning eng nomdor adiblari Zulfiya opaga she’r bag’ishlaganlar yoki asarlarida opaning nomlarini ko’p bora ehtirom bilan zikr etganlar. Ular qatorida Nikolay Tixonov, Mirzo Tursunzoda, Chingiz Aytmatov , Rasul Hamzatov, Mustay Karim kabi siymolarning nomlarini keltirish mumkin. Adabiy davralarda Zulfiya opaga juda katta mehr bilan boqib, u kishini “ she’riyatimiz malikasi “ deb atab keladilar . Opaning hayot jasorati esa qalamkashlar uchun go’zal va afsonaviy mavzu bo’lib kelayotir .

Xalqimiz hayoti sadoqat va vafo bilan yo’g’rilgan farzandini, albatta, ardoqlaydi .

(110 so’z ) ( A.Oripov)

Sakkizinchi mo’jiza

Tasavvur qiling : siz tasviriy san’at muzeyiga kirdingiz . Polotnolardagi ranglarni, odamlarning qiyofasini ko’zingiz bilan ko’rib, hayajonga tushasiz. Tasavvur qiling : siz musiqa tinglayapsiz . Cholg’u ohanglari , xonandaning ovozini qulog’ingiz bilan eshitib , hayajonga tushasiz …

Deylik, konsertga tushdingiz. Sozanda soz chalyapti, xonanda qo’shiq aytyapti. Raqqosa raqs tushyapti. Siz tomoshani ko’zingiz bilan ko’rib, qulog’ingiz bilan tinglab zavqlanasiz. Endi, Tasavvur qiling : siz kitob o’qiyapsiz. Oq qog’ozda qora chizig’lar- harflardan bo’lak hech nima yo’q . Rang ham, ovoz ham, raqqosaning harakatlari ham … Ammo asarni o’qishga kirishishingiz bilan ko’z o’ngingizda rangin manzaralar paydo bo’ladi. Qulog’ingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi. Kitobdagi odamlarning qismatiga sherik bo’lib, o’zingiz bilmagan holda beixtiyor larzaga tushasiz … Hech shubhasiz, badiiy adabiyot – dunyodagi sakkizinchi mo’jiza !

( 108 so’z) ( O’.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ )

5-sinf .Ona tili. Diktantlar matni. DIMIlar uchun.

Gimnastika

Gimnastika-jismonan kamol topishga,salomatlikni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradigan maxsus jismoniy mashqlar tizimi. Gimnastika bilan muntazam shug’ullanganda yurak-tomir va nafas sistemalari faoliyati yaxshilanadi, tayanch –harakat apparati mustahkamlanadi,moddalar almashinuvi kuchayadi,turli jismoniy yuklamalarga moslashuv takomillashadi. Gimnastika jismoniy jihatdan har tomonlama o’sishga yordam beradi,gavdani to’g’ri shakllantiradi,qo’l,yelka kamari,qorin mushaklarini mustahkamlaydi,epchil,harakatchan bo’lishiga yordam beradi. Gimnastika jismoniy tarbiya tizimida keng qo’llaniladi.


Gimnastika mashg’ulotlarini shifokor maslahatisiz boshlab bo’lmaydi.Gimnastika mashg’ulotlari paytida shifokor nazoratidan muntazam o’tib turishi zarur.Bolalar va keksalar uchun uning ahamiyati ayniqsa katta.

Gimnastika mashg’ulotlari go’dak va maktabgacha yoshdagi bolalarni o’z vaqtida jismoniy va ruhiy jihatdan kamol toptirishning,to’g’ri tarbiyalashning muhim omillaridan biridir,bu mashqlar bolaning umumiy ratsional kundalik rejimiga kiritish lozim . (117 so’z)

Charxpalak

Maktabimiz biqinida ariq oqardi . Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanaffusda charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko’rardim… Yog’och gardishi ko’hna, temir paqirchalari zanglab ketgan . Parraklariga ko’kimtir suv o’tlari yopishgan … Birov yolg’ondan turtib yuborsa, rostdan qulab ketadigandek … Charxpalak nolali g’iyqillab aylanadi. Kaftida suv ko’tarib, yuqoriga olib chiqadi… Tepaga chiqib olgan suv ortiga qaytmaydi … Charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan yangi suv tomchilarini yuqoriga ko’tarib beraveradi …

Nolali g’iyqillaydi …

Oradan ko’p yillar o’tib, o’sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo’ldi. Nega shunday bo’lganini uzoq o’yladim …

So’ng … Bir haqiqatni angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo’msar ekanman.

Suv – suv emas, men ekanman ! Charxpalak – charxpalak emas, o’qituvchilarim ekan !

Meni katta hayot yo’liga olib chiqib qo’ygan ustozlarim zahmatini oqlay oldimmikan ?

(108 so’z ) ( O’.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ )

Non

Xalqimizning ajib udumlari bor.

Beshikda yotgan chaqaloqning yostig’i tagiga bir burda non qo’yib qo’yadilar.

Bola yo’lga kirsa, oyog’i orasidan kulcha dumalatib, nishonlaydilar.

Buvilarimiz sovchilikka non tugib boradilar.

Ikki yosh taqdiri qo’shilganining ramzi sifatida non ushatiladi .

Olis va xatarli safarga ketayotgan odamning nasibasi uzilmasin deb, non tishlatib qoladilar.

Chavandoz ko’pkari to’dasiga kirayotib, beliga non tugib oladi.

Dasturxonga eng avval non qo’yiladi .

Ota – bobolarimiz farzandlariga : “ Ko’chada yotgan non bo’lagini ko’rsang, ko’zingga surtib, pokiza joyga olib qo’y” ,-deb o’git beradilar.

“ Nondek aziz bo’l “, degan duo eng ulug’ olqish sanaladi.

Bu udumlar Alloh tomonidan insonga berilgan ne’matni qadrlash, uvoldan qo’rqish, farzandlariga halol luqma yedirish uchun odat tusiga kiritilgan…

Nonni iymon darajasiga ko’targan xalqqa ta’zim qiling!

(110 so’z ) ( O’.Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar “ )

Osiyo

Qadimiy “Osiyo” so’zi “Sharq” degan ma’noni anglatadi. Bu qit’a Yevroosiyo materigining tarkibidadir. Osiyo bilan Yevropa o’rtasidagi chegara Ural tog’lari, bo’ylab o’tadi.

Osiyoda aholi shunchalik ko’pki, yer yuzidagi har ikki kishining birini osiyolik desa bo’ladi. Osiyo butun yer yuzidagi quruqlikning uchdan bir qismini egallaydi. Osiyo maydonining to’rtdan uch qismi tog’lar va yassi tog’liklardir.

Osiyo markaziy qismida Tibet yassi tog’ligi joylashgan. U yuqoriga ko’tarilgan kosaga o’xshaydi, janubiy chekkasidagi Yerdagi eng baland tog’lar – Himolay tog’lari qad ko’targan.

Osiyoning eng janubiy nuqtasi yer sharini ikki yarim shar – shimoliy va janubiy yarim sharlarga ajratib turuvchi hayoliy chiziq o’tadigan joy – ekvator yaqinida. Osiyoning eng shimoliy nuqtasi Shimoliy Muz okeani qirg’og’ida.

Osiyoning shimolida yil bo’yi qor saqlanib turadi, qorbo’ron va izg’irin, sovuq shamollar esadi. Qutb yog’dusi tovlanadi. Bu yerlar tundra deb ataladi.

(126 so’z)

Tilni bilgan elni biladi

Nutq eng katta boylikdir. Inson nutqi, gapira olishi bilan ulug’dir. Barcha asrlarda xalqlarni bir-biriga bog’laydigan, yaqinlashtiradigan asosiy vosita til bo’lgan. Ayrim tillar hatto xalqlar o’rtasida ko’prik vazifasini o’tagan. Shuning uchun “Til bilgan – el biladi” deydilar.

Hikoya qilishlaricha, kunlardan bir kun ulug’ vazir va shoir Alisher Navoiy Samarqand shahrida bir-biri bilan tortishib savdo qilayotgan ikki insonga duch kelib qolibdi. Ular bir-biriga baqirar,biri “se” desa, ikkinchisi “uch” derdi. Atrofdagi odamlar esa “Narxini tushirma” deb, ularni yanada urushtirar edi. Navoiy ularning oldiga yaqin keldi va har ikkoviga o’z tilida gapirib tushuntirdi. “Ey, odamlar ! Axir ikkovingiz ham bir xil narxni aytyapsiz-ku. Tojik tilidagi “se” o’zbek tilidagi “uch” degani-ku!”. Barcha odamlar xaxolab kulib yuborishibdi. Shuning uchun odamlar hamisha bir-birini tushunishi, ahil va inoq yashashi uchun bir-birlarining tillarini o’rganishga harakat qilib keladilar. Boshqa tillarni bilish har bir bilimli kishining ko’rkidir.