ВУЗ: Не указан
Категория: Не указан
Дисциплина: Не указана
Добавлен: 11.01.2024
Просмотров: 261
Скачиваний: 5
ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.
Til arslon misoli yotar qafasda,
Bexabar boshini u yer nafasda...
So'zingni tiyib yur, boshing yormasin,
Tilingni tiyib yur, tishing sinmasin.
Dono qardoshlarning tiliga quloq sol.
Ular - Ey til egasi, boshingni asra! - deyishgan. O'ziga esonlik tilagan har bir odam tilidan yaroqsiz so'zini chiqarmasin. Bilib so'zlagan so'z donolik sanaladi. Bilimsizning so'zi esa o'z boshiga yetishi mumkin.
Hech qachon ko'p gapirma. Juda oz so'zla. Tuman so'z tugunini bitta so'z bilan yozib yubor, ya'ni oz so'zlarga ko'proq ma'no sig'dirish payidan bo'lgin. Chunki:
Kishi so'ztufayli bo'ladi malik,
Ortiq so'z bu boshni etadi egik.
Ortiqcha aytilgan so'z kishi ko'ngliga malol. Ammo so'zlamaslik ham mumkin emas. Bu holda soqov degan nomni orttirib olish mumkin. Shunga ko'ra o'rtacha yo'riq tutish lozim. Yo'riqni o'rtacha tutgan odam qut-iqbolga erishadi:
Tilingni avayla- omondir boshing,
So'zingni avayla - uzayar yoshing....
SUHBAT ODOBI
To'y, ziyofat, ma'raka yoki shularga o'xshagan yig'in joylarga borib, suhbatlashib o'tirgan odamlar orasiga kirsangiz, quyida zikr qilingan suhbat odobi qoidalariga rioya qiling.
Avvalo o'tirganlarning nafratiga sabab bo'lmaslik uchun badaningiz va kiyimingiz ozoda, рок bo'lsin, og'zingizdan sarimsoq, xom piyoz hidlari kelmasin. So'ng, suhbatdoshlar orasiga kirib salom berib, ular bilan ko'rishing, bitta salom hammalari uchun kifoya qiladi. Sizdan yoshlari katta bo'lgan odamlardan yuqori o'tirmang. Ikki kishi orasiga ruxsatsiz kirib joylashmang. Sizdan yuqoriroq o'tirgan odam tashqariga chiqib ketishni istasa, o'mingizdan turib yo'l bering. Mutakabbirona o'tirishdan saqlaning. Beuzr yonboshlab, oyoqlarni uzatib o'tirish odobsizlik sanaladi.
O'tirganlarning suhbatiga ishtirok qilishni istasangiz, nojo'ya harakatlardan saqlaning. Katta-kichiklarning har qaysisini hurmatlab, yoshi va martabasiga ko'ra muomala qiling. Qovoq solib, to'ng'illab so'zlamang. Muomalangiz xush, chiroyingiz ochiq, so'zlaringiz shirin va muloyim bo'lsin.
Suhbatda esnab, mudrab o'tirish yarashmaydi. Gapirar ekansiz, boshqalarga so'z bermay, o'zingizni bilarmon ko'rsatib, hadeb so'zlay bermang. Bir kishi so'zini tamom qilgandan so'ng lozim topsangiz, suhbatdoshlarning ruxsati bilan sekinroq va muloyimlik bilan so'z boshlang. Ortiq darajada ko'p so'zlab, ezmalik qilib o'tirmang, so'zingiz qisqa, ma'noli bo'lsin.
NONDAY AZIZ
Xalqimizning ajoyib udumlari, an'analari behisob. Ammo ular orasida bir an'ana borki, u haqda har qancha so'zlasang shunchalik oz. Bu - kitob bilan bog'liq an'ana bo'lib, elimiz mutolaani sevishi, unga chanqoqligidir.
Kitob uni yaratgan xalqning bebaho ma'naviy boyligidir. U inson aql-idroki va ijodkorligining buyuk kashfiyotlaridan biridir. Kitob - hayot darsligi, barcha bilimlar asosi, dunyo voqea-hodisalari va el-u elatlar hayotidan hikoya qiluvchi birdan-bir manba.
Kitob - insonning eng yaqin do'sti va maslahatgo'yi, aql qayrog'i. Kitob - xazinalar kaliti, tafakkur manbai. Kitob - nonday aziz, mo'tabar va muqaddas. Shu boisdan ham kitobni sevish, qadrlash va e'zozlash qadim- qadimlardan boshlangan.
O'zbek xalqi kitob, uning hayot darsligi, mo'jizakorligi haqida ko'plab afsonalar, naql-rivoyatlar, topishmoqlar, maqol va matallar to'qigan.
Xalq «Qat-qat qatlama, qatlamadan hatlama» deb kitobdan, hatto hatlab o'tish mumkin emasligini ta'kidlaydi.
Quyida keltirilgan hikmatlarda kitob bamisoli oftob yanglig' ulug'lanadi, uning qadriga yetishlik ta'kidlanadi:
Kitob - oftob.
Olim - kitob.
Kitob - aql chirog'i.
Ko'p yurgan ko'p ko'rar,
Ko'p o'qigan ko'p uqar.
Kitob bilim beradi,
Bilim baxt keltiradi.
OQKO'NGILLIK
Oq ko'ngil odam har qachon boshqalar baxtiga, ularning xizmatdagi yo shaxsiy hayotdagi yutuqlariga xuddi o'z baxti, o'z yutug'i kabi qarab quvonadi. Agar bu quvonch zamiriga chuqurroq razm solinsa, yuksak, olijanob bir ma'no tantanasi ko'zga chalinadi. Oq ko'ngil odam shaxslar baxtida jamiyat baxtining in'ikosini ko'radi!
Lekin ichiqora, baxil, ziqna odam birovning baxtini ham, yutug'ini ham ko'rolmaydi. Bundaylar ichiqoralik qilib: «Menda-ku yo'q, senda nima uchun bo'lishi kerak!» deydilar-da, baxillik qutqusining qullari bo'lib qoladilar.
Xo'sh, bunday yaramas qiliq, ya'ni baxillik qayerdan paydo bo'ladi?
Albatta, baxillik qon yo jon bilan o'tadigan fiziologik hodisa emas. Har qanday chaqaloq yaxshi fazilatni ham, yomon illatni ham keyin -yashash, o'sish jarayonida orttiradi. Agar shunday bo'lmasa, yomon xulq-atvorli ota-onaning bolasi har vaqt yomon, yaxshi xulq-atvorli ota-onaning bolasi har vaqt yaxshi bo'lib o'sishi kerak edi. Ammo hayotda, haqiqatda bunday emas. Aslida bolani chinakam inson qilib yetishtiradigan, uni yomon xulq-atvordan saqlab tarbiyalaydigan eng katta, eng boobro' murabbiy - ota-ona, oila muhiti yo shu oilada ota-ona o'rnini bosgan katta yoshli odamlardir. Bular nazorati bo'lmasa, maktab ham, jamoat tashkilotlari ham qiyin ahvolga tushib qoladi. Shunisi ham borki, har bir ota-ona bolasining xulq- atvori, aqliy-jismoniy tomoni qanday bo'lishidan qat'i nazar kam-ko'stsiz o'sishini, oilada, hayotda baxtli bo'lishini istaydi. Shu tabiiy istak mayli bilan ba'zi oilalarda ota-onalar bolalarini kichikliklarida qo'g'irchoqdek yasatishadi, qo'llarini sovuq suvga urdirmay papalashadi, erkatoy, tantiq qilib o'stirishadi. Natijada bunday bolalar injiq, ichi tor, ziqna bo'lib yetilishadi. Bularda boriga qanoat qilish, yo'g'iga ko'nikish xislati bo'lmaydi. Aksincha, ko'ngillari tusagan narsani har qanday tadbir bilan, harom-xarish yo'llar bilan bo'lsa ham muhayyo qilish taraqqiy topadi. Agar mana shunday mayl tomiri vaqtida qirqilmasa, u bolani oxirida ma'nan mayib qiladi. Bunaqa bola ota-onasining qudratli panohidan havolanib, uyida hech kimning gapini quloqqa olmaydi, maktabda sinfdoshlarini, hatto muallimlarini ham nazariga ilmaydi, jamoada hamma o'zini baravar tutishi kerakligini pisand qilmaydi. Bu xulq-atvor bolani katta hayot qiyinchiliklaridan, ya'ni har qanday bola katta bo'lganida duch keladigan mehnat mashaqqatlaridan qo'rqadigan qilib qo'yadi.
YANGI HOVLI
Bizning yangi hovlimiz Abdulla Qahhor ko'chasida joylashgan. Hovliga chiroyli eshik orqali kiriladi. Eshik yonida mashina kirishi uchun katta darvoza ham bor. Hovliga kirishingiz bilan besh xonali uyga ko'zingiz tushadi. Uyning tomi to'q qizil rangga bo'yalgan. Oppoq rangdagi derazalarning yaltirashi ko'zingizni oladi. Uyning yerto'lasi ham bo'lib, u yerda sabzavot va boshqa mahsulotlar saqlanadi.
Xonalarning birida ukam ikkalamiz yashaymiz. Bizning xonamizga guldor gilam to'shalgan. Ikkita karavot qo'yilgan. Karavotlarda chiroyli ko'rpa va yostiqlar bor.
Hovlidagi gulzor va mevali daraxtlar ko'zingizni quvnatadi. Daraxtlar tagiga qo'yilgan kattagina so'rida yoz oylarida miriqib dam olish mumkin.
IFTIXOR
Nihoyat, Londondan Toshkentga uchadigan bo'ldik. Havo kemasiga chiqishimiz bilan osoyishta va yoqimli ovoz yangradi: «Assalomu alaykum, xonimlar va janoblar! Sizlarni «O'zbekiston havo yo'llari» milliy aviakompaniyasi nomidan muborakbod etamiz!» Rostini aytsam, ko'zimdan yosh chiqib ketdi. Bu so'zlar mening tilimda, ona tilimda jarangladi! Vatanimdan minglab chaqirim narida, tag'in yuzlab xorijiy yo'lovchilar o'tirgan kemada!..
Aqalli mana shu holatning o'zi uchun Istiqlolga ming bora ta'zim qilishga tayyorman! (O'. Hoshimov)
NINACHI
Dunyoda eng ko'p ovqat yeydigan jonivor qaysi ekanligini bilasizmi? Siz, ehtimol, sher yoki yo'lbars deb o'ylarsiz. Boshqa birovlar ayiq yoki bo'ri deb hisoblar. Ba'zilar bunday jonivorlar
qatoriga filni ham qo'shishar. Ammo bularning birortasi ham to'g'ri emas. Dunyoda eng ko'p ovqat yeydigan jonivor ninachidir. U ikki soat ichida qirqta pashsha va chivinni tutib yeydi. Agar uning gavdasi sher yoki fil kabi katta bo'lganida edi, birdaniga bitta sigirni yeb qo'ygan bo'lar edi. Bitta ninachi shuncha zararli hasharotni yo'q qilsa, o'nlab, yuzlab ninachilarning tabiatga, odamlarga qanchalik foyda keltirishini tasavvur qilish mumkin. Bu bilan ninachi tabiat qo'riqchisi vazifasini bajaradi. Tabiatda ninachiga o'xshagan foydali jonivorlar ko'p. Ularni asrash hammamizning vazifamizdir. («O'zbek tilini o'rganamiz» kitobidan)
SABZAVOT
Odamlar sabzavotni ovqatga juda qadimdan ishlatib keladilar. O'rta Osiyoda piyoz, sabzi, qalampir, turp va boshqa sabzavot ekinlari ikki ming yil ilgari ham ekilgani ma'lum. Sabzavot o'tsimon o'simlik bo'lib, uning biror sersuv qismi, chunonchi, sabzi, turp, sholg'omning etli ildiz mevasi; karam va salatning barglari; gulkaramning g'unchasi; rovochning barg bandi; pomidor, bodring, baqlajonning mevasi ovqatga ishlatiladi. Sabzavotlar mazali bo'lishi bilan birga juda foydali hamdir. («U kim. Bu nima» kitobidan)
Hamid Olimjon
O'zbek adabiyotining yorqin siymolaridan biri Hamid Olimjon jo'shqin lirik shoir, yozuvchi, mohir dramaturg, otashin publitsist, tarjimon, atoqli jamoat arbobi edi. U o'zining nasriy, lirik, dramatik asarlari, adabiyotshunoslikka doir hamda publitsistik maqolalari va tarjimalari bilan o'zbek adabiyoti tarixida katta o'rin tutadi. Ayniqsa, uning bahor va baxtni kuylab yozgan asarlari - «O'rik gullaganda», «Baxtlar vodiysi», «Bahorni sog'inganda», «Daryo kechasi», «Ishim bordir o'sha ohuda», «G'uncha yanglig' burkanib», «G'azal» va boshqalar musiqaga boy, sehrli, ohangdor she'rlardir.
«Hamid Olimjon tug'ma va nodir talant edi, - deb yozgan edi Mirtemir. - Uning qonida, o'zligida, ko'z qorachig'ida, to'qson ikki tomirida tug'ma bir zukkolik, shoirona bir sajiya, bilgichlik, burrolik, nurbaxshlik, yorqin qalb, odob ayon, peshanasida va yirik ko'zlarida ulug'lik ochiq-oydin edi. Uning bilmagani oz, o'qimagani kam edi. Hammadan, har narsadan xabardor, qisqaroq aytganda, chin ma'nosi bilan o'qimishli qalamkash edi».
Abdulla Qodiriy
Abdulla Qodiriy yangi davr O’zbek adabiyotining asoschilaridan. O’zbek adabiyotining asoschilaridan, O’zbek milliy romanchilik maktabining yaratuvchilaridan birildir.
Abdulla Qodiriy ijodi 1913-1914-yillarda boshlandi. U shu yillari barcha ilg’or fikrli yoshlar qatori o’zining ilk asarlarida ma’rifat, milliy taraqqiyoti va hurligi g’oyalarini targ’ib eta boshlagan. Qodiriy dastlab ma’rifiy she’rlar yozdi. “Ahvolimiz”, “Millatimiz”, “To’y” kabi she’rlari jadid matbuotida e’lon qilinadi.
Abdulla Qodiriy 1925-1926-yillarda “O’tkan kunlar” romanini, 1928-yili “Mexrobdan chayon” romanini e’lon qiladi.
“O’tkan kunlar” romanida xalqimiz o’tmishini, nizo va adovatlar, shu bilan birga o’zbek turmuashini yoritib kelgan asriy qadryatlar ham mahorat bilan ko’rsatib berilgan.
Yaxshi do’stlar
Yashil o’rmonda bir kichik Ayiqcha bor ekan, U juda chiroyli, xuddi o’yinchoqqa o’xshar ekan. Uning eng yaxshi do’st Olmaxon ekan. Ular juda ahil ekanlar.
Bir kuni OLmaxon do’st Ayiqchani o’rmondan qidirib topa olmabdi. U nima qilarini bilmay, xafa bo’lib ko’p yig’labdi. SHu payt bir kaltakesak Olmaxonning oldiga kelib, ayiqchani ovchi tutib, qishloqqa olib ketganini aytibdi. Olmaxon yig’lashdan to’xtab, ovchilarning uyi tomon yo’l olibdi. Olmaxon qarasa, do’sti ayiqcha ovchining og’ilxonasida qamalib yotgan ekan Ovchilar esa maza qilib bemalol ovqatlanayotgan yekanlar. Bu holni ko’rgan Olmaxon ovchilarga sezdirmasdan, darrov og’ilxonaning ichiga tomon tuynuk ochibdi. Tuynukdan og’ilxonaning ichida quyosh nuri tushibdi. Quyosh nuri tushganini ko’rib Ayiqcha SHiftga qarabdi. U yerda turgan do’sti Olmaxonni ko’ribdi. Ayiqcha bir amallab tomda chiqib olishga harakat qilgan ekan, Olmaxon uni tortib olibdi. Ayiqcha xursand bo’lib:
-Yaxshi do’st do’stining boshiga kulfat tushganda sinalar ekan, -debdi va Olmaxonga raxmatlar aytibdi.
Ilm
Ilm deb o’qimoq, yozmoqni yaxshi bilish, har bir kerakli narsalarni o’rganmoqni aytiladi. Ilm inson uchun g’oyat oliy va muqaddas bir fazilatdir. Zeroki, ilm bizga o’z ahvolimizni, harakatimizni oyna kabi ko’rsatadi. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o’tkir qiladi.
Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidir. Chunki ilmsiz kishilar ota-onasiga, qarindosh-urug’iga, yor-do’stiga, din va millatiga foyda yetkaza olmaydi. Ilmning foydasi shu qadar ko’pdirki, ta’rif qilgan bilan ado qilish mumkin emas. Bizni madaniyat, insoniyat,ma’rifat dunyosiga chiqaradi,yomonlikdan qaytaradi, yaxshi xulq va odob sohibi qiladi. Zeroki butun hayotimiz, salomatligimiz, saodatimiz, himmatimiz, yaxshi yashashimiz, g’ayratimiz ilmga bog’liqdir. O’qigan olim kishilar har yerda aziz va hurmatlidir. Shuning uchun o’qimog’imiz va doimo o’rganmog’imiz lozim.
(108 so’z. A.Avloniy, “ Turkiy guliston yoxud axloq”)