Файл: Ozbekisтon respublikasi navoiy kon meтallurgiya kombinaтi navoiy davlaт konchilik insтiтuтi.docx

ВУЗ: Не указан

Категория: Не указан

Дисциплина: Не указана

Добавлен: 02.12.2023

Просмотров: 474

Скачиваний: 3

ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning ob’ektiv asosi bo’lib ham milliy iqtisodiyot darajasida, ham xalqaro miqyosda ijtimoiy mehnat taqsimotining rivojlanishi negizida ishlab chiqarishning umumlashuvi jarayoni xizmat qiladi.

Bu jarayon quyidagilarda namoyon bo’ladi:

  • chuqurlashib borayotgan ijtimoiy mehnat taqsimoti asosida ishlab chiqarishning ixtisoslashgan tarmoqlarining o’zaro aloqasi va o’zaro bog’liqligi yanada kuchayadi;

  • ishlab chiqarishning kooperatsiyalashuvi va markazlashuvi natijasida alohida xo’jalik birliklarining mayda bo’laklarga ajralib ketish holatlari barham topadi;

  • ishlab chiqarishning yirik korxonalarda to’planuvi jarayoni o’sadi;

  • turli iqtisodiy mintaqalar o’rtasidagi iqtisodiy aloqalar va faoliyat almashuvi jadallashadi.

Ishlab chiqarishning umumlashuvi darajasining oshishi bilan o’zaro muvofiqlashtirilgan holda xo’jalik yuritish, takror ishlab chiqarish nisbatlarini ongli ravishda tartibga solish, yirik ishlab chiqarish majmualari, yaxlit iqtisodiyotni markazlashtirilgan holda boshqarishga ob’ektiv ehtiyoj paydo bo’ladi. Shunga ko’ra, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish ishlab chiqarish munosabatlarining har qanday tizimida ishlab chiqarish umumlashuvining ma’lum darajasida ob’ektiv zaruriyatga aylanadi.

Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish deganda jamiyat a’zolarining ehtiyojlarini qondirish darajasini oshirish uchun cheklangan ishlab chiqarish resurslaridan yanada samarali foydalanishni ta’minlovchi, umumiy iqtisodiy muvozanatga erishishga yo’naltirilgan, ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini tashkil etish bo’yicha davlatning faoliyati tushuniladi.

Bozor xo’jaligi sharoitida iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish qonunchilik, ijro etish va nazorat qilish xususiyatidagi tadbirlar tizimidan iborat bo’ladi.

Hozirgi sharoitda iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish takror ishlab chiqarish jarayoniga tegishli bir qator vazifalarni hal qilishga qaratiladi. Bular jumlasiga iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish, bandlikni tartibga solish, tarmoq va mintaqaviy tuzilmalardagi ijobiy siljishlarni qo’llab-quvvatlash, eksportni himoya qilish kabilarni kiritish mumkin.

Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, mavjud tuzumni mamlakat ichida va xalqaro maydonda mustahkamlash va uni o’zgarib turuvchi sharoitga moslashtirish hisoblanadi.

Bu sohadagi davlatning iqtisodiy vazifalaridan quyidagi ikki turini ajratib ko’rsatish mumkin:

  1. bozor tizimining samarali amal qilishiga imkon tug’diruvchi huquqiy asos va ijtimoiy muhitni ta’minlash;

  2. raqobatni himoya qilish.

Bu yerda davlatning uchta vazifasi alohida ahamiyatga ega:

  1. daromad va boylikni qayta taqsimlash;

  2. resurslarni qayta taqsimlash;

  3. iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiy tebranishlar vujudga keltiradigan inflyatsiya va bandlilik darajasi ustidan nazorat qilish hamda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish.

O’zbekiston Respublikasining «Korxonalar to’g’risida», «Тadbirkorlik faoliyati to’g’risida» va «Aksionerlik jamiyatlari to’g’risida»gi qonunlari hamda ularga kiritilgan qo’shimcha va tuzatishlar, mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish buyicha tadbirlari bozor iqtisodiyoti uchun zarur huquqiy asosni ta’minlashga qaratilgan.

Davlat tomonidan ijtimoiy muhitni ta’minlash o’z ichiga ichki tartibni saqlash, mahsulot sifati va og’irligini o’lchash standartlarini belgilash, tovar va xizmatlar ayirboshlashni yengillashtirish uchun milliy pul tizimini muomalaga kiritish kabilarni oladi.

Raqobat bozor iqtisodiyotida asosiy tartibga soluvchi mexanizm bo’lib xizmat qiladi. Bu shunday kuchki, u xaridorlar yoki iste’molchilarning ehtiyojlariga ishlab chiqaruvchi va resurs yetkazib beruvchilarni bo’ysundiradi. Raqobat sharoitida ko’plab xaridorlar tomonidan bildirilgan talab va sotuvchilarning taklifi bozor narxlarini belgilaydi. Bu shuni bildiradiki, ishlab chiqaruvchilar va resurs yetkazib beruvchilar iste’molchilarning faqat bozor orqali hisobga olinadigan xohishlariga moslashishi mumkin. Bozor tizimining irodasiga bo’ysunuvchi, raqobatlashuvchi ishlab chiqaruvchilar foyda olishni va o’z mavqelarining mustahkamlashini kutadi, kim bozor qonunlarini buzsa, zarar ko’radi va oxir oqibatda sinadi. Raqobat sharoitida xaridor – bu xo’jayin, bozor ularning gumashtasi, korxona esa ularning xizmatkori hisoblanadi.


Iqtisodiyotda sotuvchilar o’rtasidagi raqobat o’rnini monopoliyalar egallaganda, ularning bozorga ta’sir ko’rsatish yoki undagi narxlarni o’z manfaatlarini ko’zlab o’zgartirish imkoniyati paydo bo’ladi. Monopoliyalar o’zlarining takliflari umumiy hajmini tartibga solish layoqatidan foydalanib, mahsulot hajmini sun’iy cheklash orqali ularga ancha yuqori narx belgilash va shu orqali ancha barqaror foyda olishi mumkin.

Bozor munosabatlari rivojlangan sharoitda monopoliyalar ustidan ikki usulda nazorat o’rnatiladi. Birinchi usulda, texnologiya va iqtisodiy sharoitlar raqobatli bozor mavjud bo’lish imkoniyatini yo’qqa chiqaradigan tabiiy monopoliyalar deb nomladigan tarmoqlarda davlat narxlarini tartibga soladi va ko’rsatiladigan xizmatlarga standartlarni o’rnatadi. Тransport, aloqa, elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa ijtimoiy foydalanishdagi korxonalar ma’lum darajada shunday tartibga solinadi. Ikkinchi usulda, samarali ishlab chiqarish juda ko’pchilik bozorlarda raqobat rivojining juda yuqori darajasida ta’minlanishi sababli davlat raqobatini kuchaytirish va himoya qilish maqsadida monopoliyalarga qarshi qonunlar qabul qiladi.

Respublikamizda ham monopol faoliyatni cheklash, tovarlar bozorida raqobatni rivojlantirish, iste’molchilar va tadbirkorlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan.

Bozor tizimi kishilarning tabiiy qobiliyati, orttirgan bilimi va malakasi hamda mulkka egaligini hisobga olib, ularning yuqori daromad olishini ta’minlaydi. Shu bilan birga jamiyatning moddiy vositalarga ega bo’lmagan, bilim va malaka darajasi past, layoqati ham yuqori bo’lmagan a’zolari, qariyalar, nogironlar, ishsizlar yolg’iz va qaramog’ida bolalari bo’lgan ayollar juda kam daromad oladi yoki bozor tizimi doirasida ishsizlar kabi umuman daromadga ega bo’lmaydi. Qisqasi, bozor tizimi pul daromadlarini va milliy mahsulotni jamiyat a’zolari o’rtasida taqsimlashda birmuncha tengsizliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli davlat o’z zimmasiga daromadlar tengsizligini kamaytirish vazifasini oladi. Bu vazifa bir qator tadbir va dasturlarda o’z ifodasini topadi.

Birinchidan, transfert to’lovlari muhtojlarni, nogironlarni va birovning qaramog’ida bo’lganlarni nafaqalar bilan, ishsizlarni ishsizlik nafaqalari bilan ta’minlaydi. Ijtimoiy ta’minot dasturlari orqali pensionerlar va qariyalarga moliyaviy yordam ko’rsatiladi.

Bu barcha dasturlar davlat byudjeti mablag’larini jamiyatning kam daromad olgan yoki umuman daromadga ega bo’lmagan a’zolari hisobiga qayta taqsimlaydi.

Ikkinchidan, davlat bozorni tartibga solish yo’li bilan, ya’ni talab va taklif ta’sirida o’rnatiladigan narxlarni o’zgartirish yo’li bilan ham daromadlarning taqsimlanishiga ta’sir ko’rsatadi. Me’yordagi oziq-ovqat tovarlariga o’rnatiladigan imtiyozli narxlar va ish haqining eng kam (minimal) darajasi haqidagi qonunchilik davlatning, aholining ma’lum qatlami daromadlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarining yana bir misolidir.

Davlat jamiyat a’zolari o’rtasida daromadlarni qayta taqsimlashda soliq imtiyozlarini belgilash orqali soliq tizimidan ham keng foydalanadi.

Iqtisodiyotni barqarorlashtirish, ya’ni iqtisodiyotning barcha sohalarini resurslar bilan ta’minlash, to’liq bandlik va narxlarning barqaror darajasiga erishishda yordam berish hamda iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi.

Iqtisodiyotda to’liq bandlikni ta’minlash uchun umumiy sarflar, ya’ni xususiy va davlat sarflarining hajmi yetarli bo’lmasa, davlat bir tomondan ijtimoiy ne’matlar va xizmatlarga o’z xarajatlarini ko’paytiradi, boshqa tomondan xususiy sektorning sarflarini rag’batlantirish maqsadida soliqlarni qisqartiradi.

Davlat o’z ishlab chiqarishini moliyalashtirishdan tashqari ijtimoiy sug’urta va ijtimoiy ta’minotning bir qator dasturlarini amalga oshiradi, iqtisodiyotning xususiy va kooperativ sektorida daromadlarni qayta taqsimlaydi.

Shunindek, davlat tartibga soluvchi xususiyatga ega bo’lgan bir qator vaziyatlarni ham amalga oshiradi. Bularga atrof-muhitni himoya qilish, aholi sog’lig’ini saqlash, bo’sh ishchi o’rinlariga ega bo’lishning teng sharoitini ta’minlash va ma’lum sohalarda narx belgilash amaliyoti ustidan nazorat qilish va shu kabilarni kiritish mumkin.


12.2. Davlat tomonidan makroiqtisodiyotni tartibga solishning usullari va shakllari.
Davlat milliy iqtisodiyotni tartibga solishda bir qator usullardan foydalanadi. Bu usullarni umumlashtirib quyidagicha guruhlash mumkin:

  • bevosita ta’sir qilish usullari;

  • bilvosita ta’sir qilish usullari;

  • tashqi iqtisodiy usullar.

Markazdan boshqarish tartibi ustun bo’lgan mamlakatlarda davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvida bevosita ta’sir qilish usullari ustun bo’lsa, bozor iqtisodiyoti esa birinchi navbatda iqtisodiy jarayonlarni bilvosita tartibga solish bilan bog’langan. Shu bilan birga barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning davlat sektori mavjud. Davlat sektorini boshqarish mulkchilikning davlat shakliga asoslanib, u asosan quyidagi uchta yo’l orqali shakllanadi:

1) ishlab chiqarish vositalari egalariga pul yoki qimmatli qog’ozlar bilan tovon to’lash orqali mulkni milliylashtirish;

2) davlat byudjeti mablag’lari hisobiga yangi korxonalar, ba’zi hollarda yaxlit tarmoqlarni barpo etish;

3) davlat tomonidan xususiy korporatsiyalarning aksiyalarini sotib olish va aralash davlat-xususiy korxonalarini tashkil etish.

Hozirda so’nggi uchinchi yo’l ustun ravishda amal qilmoqda.

Davlat iqtisodiyotni bevosita tartibga solishda quyidagi ma’muriy vositalardan foydalanadi:

a) iqtisodiyotning ayrim bo’g’inlari – transport, aloqa, atom va elektr energetikasi, kommunal xizmat va boshqa sohalarni bevosita boshqarish;

b) narxlar va ish haqini «muzlatib» qo’yish siyosati;

v) ish bilan bandlik xizmati faoliyati (mehnat birjalari)ni tashkil qilish;

g) iqtisodiy sohani tartibga solishni ko’zda tutuvchi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilish (monopoliyaga qarshi qonunchilik, tadbirkorlik to’g’risidagi, bank sohalari, qimmatli qog’ozlar bozorining faoliyatini tartibga solishni ko’zda tutuvchi qonunlar).

Iqtisodiyotni bilvosita tartibga solishda iqtisodiy dastak va vositalarga ustunlik beriladi. U davlatning pul-kredit va byudjet siyosatida o’z ifodasini topadi.

Pul-kredit siyosatining asosiy vositalari quyidagilardan iborat bo’ladi:

  • hisob stavkasini tartibga solish;

  • moliya-kredit muassasalalarining Markaziy bankdagi zahiralari minimal hajmini o’rnatish va o’zgartirish;

  • davlat muassasalarining qimmatli qog’ozlar bozoridagi operatsiyalari (davlat majburiyatlarini chiqarish, ularni sotish va to’lash).

Davlat byudjet siyosati uning daromadlar va harajatlar qismini o’zgartirishga qaratiladi. Davlat xarajatlarini qoplash uchun moliyaviy mablag’larni jalb qilishning eng asosiy dastagi soliqlar hisoblanadi. Ulardan xo’jalik sub’eklari faoliyatiga va ijtimoiy barqarorlikga ta’sir ko’rsatishda xam keng foydalaniladi.

Soliqlar yordamida davlat tomonidan tartibga solish tanlangan soliq tizimiga, soliq stavkasi darajasiga hamda soliq turlari va soliq to’lashda berilgan imtiyozlarga bog’liq bo’ladi.

Davlat iqtisodiyotni tartibga solish vositasi sifatida byudjet xarajatlaridan ham foydalanadi. Bunga birinchi navbatda, davlat kreditlari, subsidiyalari va kafolatlari, hamda xususiy sektordan tovarlarni sotib olishga qilinadigan sarflar misol bo’ladi.

Shuningdek, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish bir qator shakllarini ham ajratib ko’rsatish mumkin:

  • davlat iqtisodiy dasturlarining ishlab chiqilishi;

  • ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-tadqiqot konstruktorlik ishlanmalari, ixtirolarni davlat tomonidan rag’batlantirish hamda iqtisodiyotdagi ijobiy tarkibiy siljishlarni ta’minlash;

  • investitsiya jarayoni va iqtisodiy o’sishni davlat tomonidan tartibga solish;

  • ishchi kuchi bozorga davlat tomonidan ta’sir ko’rsatish;

  • qishloq xo’jaligini davlat tomonidan tartibga solish va boshqalar.

Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish tashqi iqtisodiy usullar yordamida ham amalga oshiriladi. Bunda maxsus vosita va dastaklar orqali mamlakatning tashqi dunyo bilan amalga oshiriladigan xo’jalik aloqalariga bevosita ta’sir ko’rsatiladi. Тovarlar, xizmatlar, kapital va fan-texnika yutuqlari eksportini rag’batlantirish tadbirlari, eksportni kreditlash, chet ellardan investitsiyalar va eksport kreditlarini kafolatlash, tashqi iqtisodiy aloqalarga cheklashlar kiritish yoki bekor qilish, tashqi savdoda boj to’lovlarini o’zgartirish, mamlakat iqtisodiyotiga chet el kapitalini jalb qilish yoki cheklash bo’yicha tadbirlar, mamlakatga chetdan ishchi kuchini jalb qilish, xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda va davlatlararo uyushmalarda qatnashish mamlakatlarning tashqi iqtisodiy aloqalarini tartibga solishning asosiy vositalaridir.





12.3. Aholi daromadlari va aholi turmush darajasi.
«Daromad» iqtisodiy faoliyat natijalarini ifodalovchi ko’rsatkich bo’lib, u serqirra va murakkab mazmunga ega hisoblanadi. Chunki, daromad bir vaqtning o’zida biron-bir faoliyat natijasida olingan tushumni, pul mablag’larini, natural ko’rinishda olingan mahsulotlarni, iqtisodiy resurslar keltiruvchi nafni va boshqa tushunchalarni ifodalashi mumkin. Shuningdek, daromad umumiy tushuncha bo’lib, uning tarkibida aholi daromadlari muhim o’rin tutadi.

Aholi daromadlari – bu ma’lum vaqt oralig’ida (masalan, bir yilda) ular tomonidan olingan pul va natural shakldagi tushumlar miqdoridan iboratdir.

Aholi daromadlarining tarkibiy tuzilishi quyidagi 24-jadval ko’rinishida keltirilgan.

24-jadval

Aholi shaxsiy daromadi tarkibiy tuzilishi


1) Pul va natural shakldagi ish haqi va maosh

2) Qurolli kuchlar xizmatchilarining pul va

natural ko’rinishdagi ta’minotlari

3) Тadbirkorlarning ajratmalari:

a) ijtimoiy sug’urta va shu kabilarga,

b) boshqa maqsadlarga.

Ijtimoiy bandlikdan olinadigan daromadlar

4) Erkin kasblardagi shaxslar

5) Fermerlar

6) Boshqa yakka tartibdagi tadbirkorlar va

savdogarlar

O’zini-o’zi band qilishdan daromadlar

7) Renta, sof foiz, dividendlar

Mulkdan olinadigan daromadlar

8) Joriy transfertlar, kompaniyalarning

xayriyalari

9) Davlat nafaqalari va boshqa to’lovlar

Тransfert daromadlari


Aholi pul daromadlari ish haqi, tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromad, nafaqa, pensiya, stipendiya shaklidagi barcha pul tushumlarini, mulkdan foiz, dividend, renta shaklda olinadigan daromadlarni, qimmatli qog’ozlar, ko’chmas mulk, qishloq xo’jalik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlarini sotishdan va har xil xizmatlar ko’rsatishidan kelib tushadigan daromadlarni o’z ichiga oladi.

Natural daromad mehnat haqi hisobiga olinadigan va uy xo’jaliklarining o’z iste’mollari uchun ishlab chiqargan mahsulotlaridan iborat bo’ladi.

Aholi daromadlari darajasiga baho berish uchun nominal, ixtiyorida bo’lgan va real daromad tushunchalaridan foydalaniladi.

Nominal daromad – aholi tomonidan ma’lum vaqt oralig’ida olingan daromadlarining pul ko’rinishidagi miqdori hisoblanadi.

Ixtiyorida bo’lgan daromad – shaxsiy iste’mol va jamg’arma maqsadlarida foydalanish mumkin bo’lgan daromad. Bu daromad nominal daromaddan soliqlar va majburiy to’lov summasiga kam bo’ladi.

Real daromad – narx darajasi o’zgarishini hisobga olib, aholining ixtiyorida bo’lgan daromadga sotib olish mumkin bo’lgan tovar va xizmatlar miqdorini ko’rsatadi, ya’ni daromadning xarid quvvatini bildiradi.

Aholining nominal pul daromadlari turli manbalar hisobiga shakllanib, ulardan asosiylari quyidagilar hisoblanadi:

a) ishlab chiqarish omillari hisobiga olinadigan daromad;

b) davlat yordam dasturlari bo’yicha to’lov va imtiyozlar shaklidagi pul tushumlari;

v) moliya-kredit tizimi orqali olinadigan pud daromadlari.

Aholining yollanib ishlovchi qismi oladigan daromadlarining asosiy ulushini ish haqi tashkil qiladi. Daromadning bu turi istiqbolda ham pul daromadlari umumiy hajmining shakllanishida o’zining yetakchi rolini saqlab qoladi.

Aholi pul daromadlari darajasi davlat yordam dasturlari bo’yicha to’lovlar sezilarli ta’sir ko’rsatadi. Bu manbalar hisobiga pensiya ta’minoti amalga oshiriladi va turli xil nafaqalar to’lanadi.