Файл: Ozbekiston respublikasi oliy va orta maxsus talim vazirligi.doc

ВУЗ: Не указан

Категория: Не указан

Дисциплина: Не указана

Добавлен: 02.12.2023

Просмотров: 691

Скачиваний: 13

ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.
3

Yunonistonda miloddan avvalgi V asr (427-347 yillar)da yashagan, “faylasuflar otasi” deb nom olgan Aflotun - Platon - bu dunyo, butun borliq yagona bir haqiqiy borliqning, ya’ni Haq taoloning aksi, tajalliysi (nurining jilolanishi) deb aytadi. U Haq taolo barcha sifatlari bilan butun olamga, tabiatga yoyilib, singib ketgan, deydi va keyinchalik Sharqda ham keng tarqalib ketgan panteizm ta’limotiga asos soladi.4

Xullas, hind, yunon falsafasi, xristian ruhoniylari ta’limotlari irfoniy mazmun kasb etsa-da, bu ta’limotlar mukammal bir ilohiy dasturga ehtiyoj sezganlar, shuning uchun ularda inson va dunyo hayoti ehtiyojlariga nisbatan ba’zan keskin munosabat, masalan, asketizm (tarkidunyochilik) kabi nokomil e’tiqod ham paydo bo‘lgan. Tarkidunyochilik islom dini tarixida ham bor hodisa, ammo bu hodisa islomiy tafakkur tarzidan kelib chiqib, o‘ziga xos jihatlariga ega bo‘lgan. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom o‘z hadislaridan birida “Lo rahiboniyata fil-islom”, ya’ni islomda rohiblik – xristian dinidagilarning tarkidunyochiligiga o‘xshagan tarkidunyochilik yo‘qdir, deganlar.

Tasavvuf muayyan ijtimoiy sabablar bilan islom diniga ixlos va sadoqat natijasida shakllandi va o‘zining g‘oyaviy asosi sifatida islomning muqaddas manbalari Qur’oni karim va Hadisi shariflarga tayandi.

Tasavvufning qanday asosda shu nom bilan atalishi haqida mingdan ortiq ta’rif ko‘rsatilgan. Ammo, katta diniy–ma’rifiy ta’limot nomiga aylangan bu so‘z ilmiy dunyoqarash sifatida shakllanib, nazariy jihatdan o‘z yo‘li, g‘oyaviy asoslariga ega bo‘lgachgina, ijtimoiy mohiyat kasb etdi. Bu jarayon esa bevosita islom rasmiy din sifatida keng yoyilib, siyosiy kuchga aylana borishi jarayonida Muhammad alayhissalom hayotlik davrlaridan keyin kechdi. Islom dini tarixidan ma’lumki, “xulafoyi roshidiyn” - Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Xattob (r.a.) xalifalik davrlarida islomga e’tiqod xuddi payg‘ambar (a.) hayotlik paytlaridagidek oshkora, ommaviy bo‘lgan. Chahoryorlardan Usmon ibn Affon (r.a.) xalifa bo‘lgach esa, davlatning diniy siyosatiga nisbatan ijtimoiy jihatlarga ko‘proq ahamiyat berilib, davlatlararo savdo-sotiq munosabatlarini va harbiy sohani rivojlantirishga harakat qilindi. Islom davlati tez sur’atli ijtimoiy taraqqiyotga yuz tutib, kishilar va davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar diniy e’tiqodga nisbatan faollashgan xuddi ana shu davrda o‘zining darvishlik, zohidlik kabi ko‘rinishlariga ega bo‘lgan so‘fiylik harakati davlat siyosatiga aralashmay, diniy ta’limot sifatida ilmiy asoslarda rivojlana bordi. Bu ta’limotning asosiy manbalari Qur’oni karim va Hadisi shariflar bo‘lib, bu manbalarga tasavvuf namoyandalari ilmiy-nazariy va amaliy, xususan, intuitiv yondashuvni maksad qildilar.

Tasavvufning ijtimoiy oqim sifatida yuzaga kelishi sabablari haqida fikr yuritar ekan, taniqli olim M.Hazratqulov mulohazalarini ba’zi tarixiy faktlar bilan quvvatlaydi. Uning keltirishicha, Hazrati Usmon xalifaliklari davrida (644-655 m.) mazhablar paydo bo‘lishi uchun qulay muhit yuzaga keldi. Xususan, xalifalik markazidan norozilik kayfiyati baralla va oshkora namoyon bo‘la bordi va bu hol turli-tuman shakllarda o‘z ifodasini topdi. Shu davrdan boshlab nihoyatda ko‘pqirrali oppozitsion jarayon paydo bo‘ldi va xorijiya, ismoiliya, mo‘‘taziliya, shuubiya, ash’ariya va boshqa nomlardagi firqalar o‘z ta’limotlarining ilmiy asoslarini yaratishga intilib, muayyan amaliy faoliyat olib bordilar. Tasavvuf olimlarining fikrlariga ko‘ra, bunday oppozitsion jarayonlarning vujudga kelishida, bir tarafdan, chahoryorlar xalifaliklari davrlaridan ko‘p o‘tmay, saltanat umaviy hukmdorlar qo‘liga o‘tishi, dabdaba va ishratparastlikning avj olishi bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, islom rasmiy ta’limotining aholining hamma talablariga javob bera olmagani sabab bo‘ldi. Birgina misol sifatida olim umaviy xalifalardan Muoviya ibn Yazid (683- m.y.) siyosiy notinch bir davrda o‘zi uchun dabdabali qasr qurdirgani va sosoniy shohlarga taassub qilib tojkiyish marosimini o‘tkazganligini keltiradi. U tiriklikning mohiyati uch narsadan iborat, ya’ni xotin, ishq va sharob, degan xulosasini e’lon qiladi. Uning ahli xonadoni, amirlari va qo‘l ostidagilari ham undan o‘rnak olib, asosiy maqsadlarini ayshu ishratdan iborat deb biladilar. Bunday sharoitda fuqaro yo xalifa xonadoni hayot tarzini qo‘llab-quvvatlardilar, yo zo‘ravonlarga xos zo‘ravonliklar qilardilar, yo o‘zlarini telbalarga o‘xshatib, haqiqatni hazil-mutoiba bilan yoshu qariga etkazardilar va yoki bu jamiyatdan yuz o‘girib, uzlatga chekinib, o‘zlarini gunoh va fasoddan uzoqroq tutar edilar. Shu tariqa, ma’naviy tafakkur tarixida hurfikrlikning rangorang ko‘rinishlaridan biri sifatida tasavvuf yuzaga keldi.
5 Tasavvuf tarixini ancha mufassal yoritib bergan olim N.Komilov ham xuddi shu mazmunda o‘z mulohazalarini bayon etadi: “Tasavvuf garchi islom bag‘rida kurtak yozib, Qur’on va hadislar hikmatidan oziqlangan, ko‘p hollarda shariat ahkomiga suyangan bo‘lsa-da, ammo u rasmiy diniy sxolastika – mutaassib ruhoniylarning zohiriy aqidaparastligi hamda hokim tabaqalarning ayshu ishratga g‘arq turmush tarzi, talonchilik va manfaatparastligiga zid o‘laroq mehnatkash xalq noroziligini ifodalab keldi. Shu sabab bu ta’limot tezda el orasiga yoyilib, fikriy izlanishdagi, haq va haqiqatga tashna ziyolilar, ilmu adab ahlining yuragini band etdi.”6

Islomdagi tasavvuf oqimi, shu tariqa, asketizm (tarkidunyochilik) ko‘rinishida paydo bo‘ldi va Sharq mamlakatlari bo‘ylab tarqala boshladi. Sufiylik VII-VIII asrlarda Kufa va Basra shaharlarida paydo bo‘ladi. IX asrning ikkinchi yarimlarida esa Bag‘dod tarkidunyochilarning yirik markaziga aylanadi.

Demak, tasavvuf diniy-ma’rifiy dunyoqarashi ilmiy ta’limot, oqim sifatida bevosita ijtimoiy sabablar natijasida yuzaga keldi. Bunga keyinroq, o‘rta asrlarda avj olgan diniy mutaassiblik, bid’at, xurofotga berilish, siyosiy ta’qib kabi masalalarni ilova qilsak, so‘fiylikning nima sababdan ijtimoiy hayotdan imkoni boricha uzoqlashishga harakat qilganligi ma’lum bo‘ladi.

Jamiyatdan chetga, uzoq-uzoq cho‘l-sahrolar qo‘yniga, g‘orlarga borib, halol mehnat va qanoat bilan taomlanish orqali o‘zlarini parvarishlab, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lgan so‘fiylar “obidlar“ va “zohidlar” deb atalganlar. “Obid” – tinimsiz ibodat qiluvchi, “zohid” so‘zi parhezkorlik, haromdan hazar qilmoq ma’nolarini anglatadi. Tasavvuf nazariyotchilaridan biri bo‘lmish Junayd Bag‘dodiy tomonidan “asl so‘fiy” deb ta’riflangan, haq rizosini topish uchun podshohlik taxtini tashlab, Makkaga kelgan va hayotini shu erda nihoyasiga etkazgan balxlik shahzoda Ibrohim Adham (vaf. 777 m.) qalbida tangri taolo muhabbatidan tashqari hech narsa qoldirmaslik uchun, hatto o‘z farzandidan ham kechadi. Balxdan uni qidirib kelgan farzandini bag‘riga bosar ekan, yuragida paydo bo‘lgan otalik mehrini do‘stga xiyonat deb biladi va xudodan yo o‘zining, yo farzandining jonini olishni o‘tinib so‘raydi.

Asta-sekin shunday zohidlar qaror topgan erlarga ularning hamfikrlari, yaratganga chin ixlos bilan ibodat qiluvchilar, dunyo hayotidan asosiy maqsadlari yaratgan egalari – Haq taolo roziligini topishdan iborat bo‘lgan kishilar kela boshlaydilar. Hayotlarini faqat ibodat bilan o‘tkazishga chog‘langan bunday kishilar VII asrlarda tasavvufning zohidlik davrini boshlab beradilar. Asta-sekinlik bilan intellekti baland bo‘lgan shaxslar - zohidlar davralarida ma’rifiy suhbatlar boshlanadi. Shundan so‘ng ibodat bilangina chegaralanib qolmay, zohidlar davralarida tahammul, tavakkul, riyozat kabi haqiqat yo‘lini topishga sabab bo‘ladigan tushuncha va faoliyat paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida tasavvufda oriflik bosqichiga o‘tishga turtki beradi. “Orif”, “ma’ruf”, “maorif”, “ma’rifat”, “irfon” so‘zlarining o‘zagi bitta – “arafa”, ya’ni ilm, demakdir. Islom asri avvalidagi birinchi zohidlarning quruq ibodatlari endi muqaddas kalimalar zohiriy va botiniy ma’nolarini mushohada qilish, muqaddas Qur’on oyati karimalarining mag‘zini “chaqish”ga intilish kabi harakatlar bilan yangi ruh va mazmunga ega bo‘ladi.

Haqli savol tug‘ilishi mumkin: qay tariqa shunday bir kichik ijtimoiy hodisa mukammal bir irfoniy jarayon darajasiga ko‘tarilib, O‘rta va Yaqin Sharq ma’naviy tafakkuri rivojida qariyb ming yil davomida ildiz otdi, qator mutafakkir donishmandlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratdi?

Umaviylar (661-750 m.y.), xususan abbosiylar (750-1259 m.y.) xalifaliklari davrida islom futuhoti (yangi erlarga kirib borishi) kuchayib, bu davlatlardagi ilmiy tafakkur yutuqlarining zararsizlari (ya’ni, islom mafkurasiga zid bo‘lmaganlari) yunon va misr tillaridan arab tiliga tarjima qilindi. Ibn Ma’mun “Baytul hikma”ga Yunon va Rumdan keltirgan Aristotel va Platon, Gippokrat va Galen asarlari arab tiliga o‘girildi. Bu erda tarixchi Muhammad Rashshodning ma’lumot berishicha, Platonning 8, Gippokratning 19, Galenning 38 kitobi va qator ilmiy, falsafiy va adabiy asarlar arabchaga tarjima qilindi.

7 Shundan so‘ng, bu asarlarga shu ilmlar akademiyasida faoliyat yuritgan mutafakkirlar qatorida, asosan bizning ajdodlarimiz bo‘lgan Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi mashhur olimlar sharhlar yozdilar va shu tariqa ilmiy tafakkur rivoji uchun zamin yaratildi. Bu hodisa o‘z davrining eng ilmga chanqoq va talabgor zotlari bo‘lmish so‘fiylarni mutafakkir allomalar sifatida shakllantirdi. Sharq islom o‘lkalarida ilmiy markazlarning paydo bo‘lishi bilan yaratilgan muhit ta’sirida boshqa firqalar qatori tasavvuf ham o‘z davrining bahsli masalalari muhokamasiga kirishdi, yangi aflotunchilik ta’limoti bilan tanishdi, buning natijasida undagi faqirlik va zohidlik hayot tarzi irfoniy muhabbat talabi bilan o‘ziga xos mazmun va mohiyat kasb etdi.

Ammo, tasavvuf asos e’tibori bilan Qur’oni karim va Hadisi shariflarga asoslangan ilm bo‘lib, uning manbai ham islom dinidir. Ta’limotning yuzaga kelishiga ta’sir ko‘rsatgan asosiy islomiy manbalardan bo‘lmish oyat va hadislarda laduniy ilm, zikr, valiylik, olamningyaratilishi, tavba, zuhd, tavakkul, riyozat-mujohada kabi mazularda aniq ilohiy ko‘rsatmalar berilgan.

Tasavvufning paydo bo‘lishi va keyingi rivoji haqida gap ketar ekan, bu ta’limotning Sharq xalqlari mentaliteti, ruhiyati bilan bog‘liq jihatlariga ham e’tibor qaratmoq lozim: “Sharqdagi hurfikrlilik va uning tasavvuf bilan munosabatlarini nazardan qochirmaslik kerak. Abusayid Abulxayr, Bobo Ko‘hiy Sheroziy, Najmiddin Kubro, Kamol Xo‘jandiy, Ahmad Yassaviy, Sa’diy Sheroziy, Umar Xayyom kabi Sharqning mashhur shoirlari nafaqat mutafakkir, mutasavvuf donishmandlar, balki purqudrat hurfikr va ilg‘or gumanist shoirlar ham bo‘lganlar. Demak, Sharqda hurfikrlilik ila tasavvuf bir-biri bilan chambarchas bog‘liq tushunchalar hisoblanadi.”8

Jahonda ilmiy tafakkur taraqqiyotining yuksak bosqichi sifatida IX-XI asrlar e’tirof etilar ekan, Sharq ilm-fani rivojining bu ilk bosqichida Movarounnahrda, xususan Samarqand va Buxoroda dunyoviy fanlar bilan bir qatorda islomiy ilmlar ham ravnaq topib rivojlandi. Islom olamining “oltin davri” bo‘lgan bu davrda “ilmi kalom” deb nomlangan ta’limotni mukammal ishlab bergan kishi Imom Abu Mansur al-Moturidiy edi. Bu ta’limotning asosiy mohiyati - omonat dunyoda tinch va osoyishta yashamoq uchun aql va ixlos bilan yaratguchini tanishga, uning sifatlarini idrok etishga, insonning bu dunyodagi vazifasini anglashga da’vat etishdan iborat edi. Shu boisdan yuksak salohiyatli kishilar dunyoqarashini ifoda etgan moturidiya nazariyasiga oid “Kitob at-tavhid” asari butun islom olami uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qildi. Olim bu kitobda asrlar osha inson aqli va tafakkuri etmas masala bo‘lib kelgan Alloh taoloning birligi va sifatlarini Qur’oni karim va hadisi shariflar asosida chuqur ilmiy tahlil qilib bergan. Uning asarlari shu kunga qadar Sharq va G‘arb olimlari tomonidan chuqur o‘rganilmoqda. Islomiy tafakkurda iymon va tavhid masalalari muhim masalalardan hisoblanadi. Imom al-Moturidiy o‘zining “at-Tavhid”, va “Ta’viylot ahl as-sunna” asarlarida bu masalalarni mufassal tushuntirib beradi. Moturidiy ta’limotiga ko‘ra, hanafiya mazhabida qabul qilinganidek, iymon yaratguchi tomonidan pokiza qalbga hadya etilgan shunday noyob bir gavharki, uning ziyoda yoki kam bo‘lishi mumkin emas. Ammo, iymonning insonga berilmog‘ining asosiy sharti – qalbning mukammal darajada poklanmog‘idir.

Moturidiy “at-Tavhid” asarini Qur’oni karim asosida, uning har bir oyati, kalimasi va harfining siri-ma’nolarini ilmiy sharhlab, kalom ilmi vositasida dalillar bilan izohlab yozadi. Shundan so‘ng, mutafakkir allomalarning Qur’oni karimga yozgan tafsirlari dunyoga kela boshlaydi. Islom ilmi bilimdoni zamondoshimiz Hamidxon Islomiy ta’kidlaganidek: “Moturidiy “Tavhid” asari bilan g‘alaba qilgandan so‘ngra zamon olimlari va avliyolarining Qur’oni karim to‘g‘risidagi tafsirlari dunyoga keladi. Imom G‘azzoliyning 40 jildlik tafsiri, Faxruddin Roziyning 37 jildlik tafsiri va boshqalar. Bundan boshqa “Ruhnoma”, “Arvohnoma”, “Asrornoma”, “Ilohiynoma” kabi yuzlarcha asarlar yaratiladi. Abdulqodir Jeloniy “Sirrul asror” kitobini yozadi. Bu bilan islom – e’tiqod, tasavvuf – ta’limot sifatida rivojlanadi
.”9

O‘rta asrlarda dinu mazhab bahslari, shiyayu sunniy, ash’ariyayu mu’tazila firqalari orasidagi nizolar oshkora avj oladi. Ana shu jarayonda so‘fiylar o‘zlarining mazhablarini ishqu muhabbat, tariyqlari (yo‘llari)ni sulh (kelishuvchanlik) va safo (poklik) deb e’lon qiladilar. Aynan shu narsa tasavvufning obro‘si va ehtiromiga sabab bo‘ldi.

“E’tiqod masalalarida turli g‘oyaviy ixtilof va kurashlar maydoniga aylanib borayotgan Movarounnahr, - deb yozadi yosh olim K.Rahimov, - IX asr o‘rtalariga kelib o‘ziga xos kuchli g‘oyaviy immunitetga ega bo‘ldi.”10 Olimning ta’kidlashicha, tasavvuf ta’limotini hanafiya mazhabi qonunchiligi va moturidiya maktabi aqidalari asosida isloh qilib, uni hanafiya mazhabining ikkinchi g‘oyaviy maktabiga aylantirish zarurati paydo bo‘ldi va bu zaruratni ro‘yobga chiqarish Buxoroning ilm-ma’rifat ahli zimmasiga yuklatildi. Tasavvuf tarixi va ta’limotidan yaxshi xabardor bo‘lgan Abu Bakr Kalobodiy ilmiy-nazariy jihatdan mustahkam asoslangan Buxoro tasavvufshunoslik maktabi dasturi – nazariy asosini yaratdi va o‘zining tasavvuf nazariyasiga oid fundamental asari bo‘lmish “At-ta’arruf li-mazhab ahl at-tasavvuf” (“Tasavvuf ahli yo‘lini tanishtirish”) kitobini yozdi. Etmish besh bobdan iborat bo‘lgan bu asarida muallif tasavvufning asl mohiyati va asl manzarasini tasvirlab berishga erishdi, tasavvuf ta’limoti islom dinining mohiyati hisoblangan ishq yo‘li ekanini aniq-ravshan ifodalab berdi.

Birinchilardan bo‘lib ishqning baland martabasi bo‘lmish haqiqiy muhabbat haqida suhbat qurgan shaxs – balxlik sufiya Robiya ad-Adaviya (713-851) edi. U jannat umidi va do‘zax qurquvidan xudoga ibodat qilmoqlikni qoralab, inson qalbini mukammal darajada har qanday umid va qo‘rquvdan poklamog‘i va unda yolg‘iz do‘st yodini qoldirmog‘i lozim, deydi.

Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-uns” asarida bu toifaning, ya’ni so‘fiylarning raisi sifatida Zunnun Misriy nomli Shayxni tilga oladi. U birinchi bo‘lib tasavvuf haqida so‘z yuritgan, ta’limotda ma’rifat tushunchasini joriy etgan bo‘lsa, Junayd Bag‘dodiy nomli Shayx birinchi bo‘lib tasavvuf haqida kitob tasnif qilgan va minbarga chiqib ma’ruza o‘qigan.

Zunnun Misriy fikrlariga ko‘ra, ma’rifatga erishmoqchi bo‘lgan solik qarshisida ikki yo‘l turadi: birinchisi, gunoh amallardan saqlanmoq, dunyo orzu-havasini tark etmoq va o‘z nafsiga hokim bo‘lmoq. Ikkinchisi esa hamma narsadan tamoman yuz o‘girib, dunyo o‘y-xayolidan o‘zini butunlay ozod qilmoq. Shayx ilm va ma’rifat darajasi, farqini tushuntirib beradi. Uning uqdirishicha, ilm – tashqi olamning inson beshta hissiy organlariga ko‘rsatgan ta’siri natijasida hosil bo‘ladi. Ma’rifat esa, ichki tuyg‘u (intuitsiya) vositasida hosil bo‘ladi, uning natijasi xoliqni bevosita mushohada etishdan iboratdir.

Tasavvuf o‘z davri uchun yangi olamni – tangri, inson va koinot uyg‘unligi ramzi bo‘lgan haqiqat va go‘zallik dunyosini kashf qildi. Hazrat Abdurahmon Jomiy Shayx Kamoliddin Abdurazzoq al-Koshiy o‘z tasnifotlarining birini boshlagan “Bismi-l-lahi ayyi bil-insonil-l-komil”, degan fotiha kalimotini “Alloh barkamol insonning qalbida namoyon bo‘ladi, barkamol inson – Alloh ismidur”, – deb tushuntiradi. Jomiy tasavvuf tarixiga bag‘ishlangan “Nafahot ul-uns min hazarot al-quds” asarida keltirishicha, yuqorida biz tilga olgan arab shoira va mug‘anniyasi Robi’a ad-Adaviya birinchi bo‘lib ijodiy intilishlarning ibtidosi va intihosi – tangri taolodir, deb aytgan. Jomiyning “Bahoriston”ida tasavvufga quyidagi ta’rif keltiriladi: “Shayx Abusaid Abulxayrdan: “Tasavvuf nedur?”, - deb so‘radilar, u: “Boshingdagi hamma narsalarni chiqarib tashlash, kaftingdagi bor narsani berish, o‘zgalardan ne ranju kulfat etsa, bariga chidash – tasavvufdir”, – deb javob bergan.

Tasavvuf haqida yana aniq bir tushunchani bu ta’limotning yirik namoyandasi, qodiriya tariqati asoschisi Shayx Muhyiddin Abdulqodir Giyloniy o‘zining “Sirrul-asror” kitobida keltiradi: Tasavvuf kalimasi to‘rt o‘zak harfdan iborat: T, S, V, F.

T – tavbani ifoda etadi. Bu ikkiga bo‘linadi – zohiriy tavba va botiniy tavba.

S – safo holini (yorug‘lik, ravshanlik, porloqlik) ifoda etadi.

V – valoyat holi (valiylik xususiyati). Bu hol inson ichki olamining pokligidir.


F – fano, ya’ni bordan yo‘q bo‘lish maqomidir. Ilohiy sifatlar orasiga singib ketishdir.11

Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnomai sultoniy” asarida tasavvuf istilohining “chadid ast yo qadim” – yangi yoki qadimiyligi xususida ixtilof bor, deb yozadi. Bu istiloh eng avvalo Odam alayhissalomning kasbi bo‘zchilik bo‘lgan farzandi Shis alayhissalomga nisbatan aytilganligini ma’lum qilib, bu ism keyinchalik barcha “pashminapo‘sh” (yungli matodan kiyim kiyuvchi)larga nisbatan qo‘llanilgan, deydi.12

“Sufiy” so‘zi ma’nosini sharhlab,uning lug‘aviy va ramziy ma’nolari haqida olimlar turli fikr-mulohazalarni bayon etadilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf bu mavzudagi munozaralarga shunday yakun yasaydilar:

“1. Ayrimlar “sufiy”so‘zi ahli suffaga nisbatdir, deydilar. Rasululloh (s.a.v.) vaqtlarida u zot (a.)ning masjidlarida suffa bo‘lgan. O‘sha suffada uy-joyi yo‘q kambag‘al sahobalardan bir guruhi yashagan. Ular asosan talabi ilm va taqvodorlik bilan umr guzaron qilganlar. Sufiylik o‘shalardan kelib chiqqan, deyiladi. Ammo bu fikrga qarshilar “sufiy” so‘zining asli suffa bo‘lganda, arab tili qoidasiga binoan “suffiy” deb yozilishi kerak bo‘ladi, deydilar.

2. “Sufiy” so‘zi “saf” so‘zidan olingan, deydiganlar ham bor. Ularning fikricha, sufiylar ibodatning oldingi safida turuvchilar bo‘lganlar, shuning uchun bu nomni olganlar. Ammo lug‘at ulamolari bu nomni ham rad etadilar. Chunki, safga nisbat berilsa, “saffiy” deyilishi kerak edi.

3. “Sufiy” so‘zi Sufa ibn Udd ibn Tolbixaga nisbatdir, deydi bir toifa. Qadimda o‘ta ko‘p ibodat qiladiganlar aynan o‘sha odamga nisbat berilgan. Ammo bu talqin ham qabul qilinmagan. Chunki islomda boshqa dindagilarni o‘ziga o‘rnak qilib olish mumkin emas. Sufa ibn Udd johiliyat davrida faoliyat ko‘rsatgan.

4. Ba’zi kishilar “sufiy” safodan olingan, qalbi sof kishilarga ishorat, deganlar. Ammo ko‘pchilik bu fikrni ham rad etadi. Safo so‘zining sufiy bo‘lib qolishi lug‘at ilmi jihatidan ham, mantiq jihatidan ham to‘g‘ri kelmaydi, deydi qarshi taraflar.

5. “Sufiy” so‘zi arabcha suvf-jun so‘zidan olingan, deydi ko‘pchilik bohislar. Avvalo, lug‘at jihatidan bu ism juda to‘g‘ri keladi. Qolaversa, ko‘p ibodat qilishga berilgan kishilar kiyimni ham juda sodda kiyganlar. Odatda ularning kiyimlari faqat jundan iborat bo‘lgan... Ko‘pchilik mutaxassislar ushbu oxirgi qavlni qabul qilganlar.”13

Sufiylarning aynan nima sababdan jun chakmon (jun matodan kiyim) kiyganliklarini islom ulamolari nafs tarbiyasi masalasi bilan bog‘laydilar. Chunki jun mayin bo‘lmay, dag‘al bo‘lganligi bois, yilning hamma faslida inson tanasiga noqulaylik tug‘diradi, uni ko‘tarib yurish tanaga ortiqcha mashaqqat yuklaydi. Bu holat esa doim rohat-farog‘at istagan tanani tarbiyalab, nafsni chegaralab turadi.

“Sufiy” so‘zi harflarining har biri nimaga ishora etishi haqida ham tasavvuf allomalari kitoblarida ma’lumot bor. Ularning ta’kidlashlaricha, har harf sufiyning erishishi lozim bo‘lgan bir sifat-fazilatga ishora etadi. Ya’ni:

S – dil xilvatxonasini qo‘riqlab turmoq lozimki, undagi sirlardan Do‘st (Haq taolo)dan tashqari biror zot ogoh bo‘lmasin;

U (vov) – bu yana xudo va banda orasidagi sir voqealariga ishora. Haq taolo tomonidan marhamat qilinib, o‘zi bilan sodir bo‘lgan sirlarni shu qadar pinhon tutmoq lozimki, ular oshkor bo‘lib, el og‘zida doston bo‘lib, talafot bo‘lib ketmasin va sufiy ilohiy fayzdan bebahra qolmasin;

F – bu harf fayz olmoqlik va fayz etkazmoqlikka ishora. Ya’ni, sufiy o‘zidan fazilatda balandroq, ma’rifatda afzalroq zotlardan foyda olmog‘i va o‘zidan pastroqlarga, noqislarga foyda etkazmog‘i lozim;

Y - yaqin, ya’ni shaksiz ishonch-e’tiqodga erishish. Bu shunday ixlos va e’tiqod bo‘lmog‘i lozimki, hech qanday ta’sir yoki zulm sufiyni Haq toalo muhabbatini istab tanlagan yo‘lidan og‘dira olmasin. Shu ma’noda Husayn Voiz Koshifiydan bir ruboiy kelgan:

Poy ba raftori yaqin sar shavad,

Sang ba pindori yaqin zar shavad,

Rohi yaqin cho‘y ba har manzile,

Nest muboraktar az in hosile.

(Mazmuni: Ixlos yo‘liga qadam qo‘yilishi bilan, Ixlos sharafidan bu yo‘ldagi toshlar oltinga aylanadi. Har manzilga ixlos bilan qadam qo‘y, Umringda bundan muborakroq hosil bo‘lmaydi.)