Файл: Ozbekiston respublikasi oliy va orta maxsus talim vazirligi.doc

ВУЗ: Не указан

Категория: Не указан

Дисциплина: Не указана

Добавлен: 02.12.2023

Просмотров: 702

Скачиваний: 13

ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.


Hazrat Xoja Ahrori Vali o‘zlarining “Volidiyya” asarlarida yuqorida keltirilgan oyati karima tafsirida shunday yozadilar: “Mufassirlarning aytishlaricha, oyatdagi ibodatdan murod ma’rifatdir, chunki, ibodat zohiriy amallarga taalluqlidir. Ammo, uni zohirga ta’yin qilinsa, to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki, xilqat (yaratish)dan murod faqat zohir amallar emas, balki zohiriy amallar ma’rifatga tobe’dur va maqsud aslida shudur”.20

Ma’rifat – dildagi ilm, mushohada va maqsad yo‘lidagi kuchli iroda majmuidir. Bu Haqni tanish yo‘lidagi eng yuksak daraja va eng yaqin yo‘l. Ammo bu maqom Haqni tanishdagi quyi darajalar – ibodat (shariat ilmi), aql-idrok (zohiriy, naqliy ilm) tufayli hosil bo‘ladi.

Boshqacha aytgana, dildagi – ichkaridagi ma’rifatning tashqaridagi qo‘riqchilari ibodat va zohiriy ilm qudratidir. Ammo, so‘fiylar YAratguchining ularga marhamati bo‘lmish ma’rifatni qanchalik pinhon saqlamasinlar, uning nuri ularning yuzlarida, ko‘zlarida, so‘zlarida aks etib turadi. Dildan tashqaridagi bu in’ikosni (oshkoralikni) yana aql nurlari ihota etadi va muhofaza qiladi. Shuning uchun ma’rifatli inson yuzidagi nurni hamma ham ko‘ra olmaydi.

Xalq bo‘lishdan (yaratilishdan) murod ma’rifat ekan, Hazrat Xoja Ahrori Vali (r.a.) juda yoshliklaridanoq o‘zlarini dil qo‘riqchilarining tabibi emas, balki dil uyining tabibi sifatida bashorat etadilar. Hikoya qilishlaricha, yosh vaqtlarida Shayx Abu Bakr Qaffoli Shoshiy mozorlarida Hazrati Iso (a)ni tushlarida ko‘radilar va o‘zlarini ularning qadamlari (izlari)ga tashlaydilar. Ul zot (a) Hazratning boshlarini tuproqdan ko‘tarib, “G‘am emagil, biz seni tarbiyat eturmiz”, deydilar. Bu tush ta’biri haqida ba’zi do‘stlariga so‘zlaganlarida, ular “senga tib ilmidan nasiba bo‘ladi”, deydilar. Hazrat bu ta’birga rozi bo‘lmaydilar va shunday deydilar: “Sizlarning ta’biringizga roziligim yo‘qtur, man vajhi digar bila ta’bir etdim, va ul ta’bir ul tururkim, Hazrati Iso (a) mazhari ihyo bila zohir bo‘lsa, oyturlar “Isaviy al-mashhad turur”. Vaqtekim, alar bu faqirning tarbiyatini o‘zlariga oldilar, bu faqirda qulubi mayyitalarni ihyo etmak sifati hosil bo‘lur”.21

“Qulubi mayyita” – o‘lik qalblarni “ihyo etmak” – tiriltirmak tabobatning asl maqsadidir. Hazrat Xoja (r.a.) tabobatning quyi darajasi, ya’ni, tan shifokorligi bilan shug‘ullanishga qanoatlanmay (bunday shifoga inson qatorida boshqa barcha tirik jonzot ham muhtoj), YAratgan tasarrufida bo‘lgan insonlar qalblariga e’tibor qilishga, o‘lik qalblarni tiriltirishga hayotlarini bag‘ishlaganlar.

“Rashahot”da keltirilishicha, Hazrati Xoja (r.a.) o‘n ikki yoshlarida ekanlarida hamma ogohlik bilan hayot kechiradi, deb o‘ylar ekanlar: “Gumon etar erdimki, Haq subhonahu taolo xalqlarning hammasini bul vajhda yarotub tururkim, ondin g‘ofil bo‘lmaslar”.22 To shariat jihatidan balog‘atga etmagunlaricha, shunday fikrda bo‘lganlar. Ammo, keyinroq ul zotga ma’lum bo‘ladiki, ogohlik YAratganning inoyati bo‘lib, bu martaba ba’zilarga maxsus, ba’zilarga riyozat va ba’zilarga ko‘p harakat va mehnat bilan muyassar bo‘lar, ba’zilarga umuman muyassar bo‘lmas ekan.

Hazrat Xoja (r.a.) hali naqshbandiya tariqatiga rasman kirmayoq, yoshliklaridanoq, g‘ofil qalblarni uyg‘otish va ularda ma’rifatni zargarona naqsh etishni niyat qiladilar. Bu niyatlari shunday amalga oshadiki:

Xizmatidin har kishi ogoh o‘lub,

Garchi gado ma’ni ila shoh o‘lub...

Yo‘qki mamolikka nigahbon o‘lub,

Barcha salotun uza sulton o‘lub...23

Hazrat ma’rifat tarbiyasida dil holiga alohida e’tibor qaratadilar. O‘zlarining “Risolai havroiyya” asarlarida dilni jannat bog‘iga qiyos qiladilar: “Dilga jannat nomi berilgan xabarlar bunga dalildir, zero, haqiqatan dilni jannatga qiyoslasa bo‘ladi. Ammo dil bihishtiga tabiat do‘zaxidan o‘tmaguncha etmaysan”.24

Inson shunday yaratilganki, deydilar Hazrat “Volidiyya”da, uning qalbi taalluqsiz emas. Ya’ni, unda Haq bo‘lmasa, g‘ayr bo‘ladi, g‘ayr ketsa Haq qoladi. Dil bo‘sh turmaydi. Barcha haqiqat haqida so‘z yurituvchilar bir fikrda yakdillarki, ma’rifat Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamga tobe’liksiz hosil bo‘lmaydi. Tobe’ bo‘lish esa tobe’ bo‘lish zarur bo‘lgan narsani bilishga bog‘liq. Payg‘ambar alayhissalomning esa so‘zlari, fe’llari va hollari bor. Ul zoti sharifning (a) so‘zlari tilga bog‘liq, fe’llari zohirga bog‘liq, hollari esa botinga bog‘liq.


Demak, kamolotga intilgan inson dilida basharning yagona komil farzandi va uning barcha sifatlarini kasb etish uchun intilish bo‘lmog‘i lozimdir.

Yassaviya tariqatining mashhur Shayxlaridan XVI asrda Markaziy Osiyo, xususan, Samarqand ijtimoiy hayoti, ilmiy-ma’rifiy va madaniy taraqqiyotida yorqin iz qoldirgan mutafakkir alloma Hazrati Shayx Xudoydodi Vali (q.s.) islom dinining insonparvar mohiyatini chuqur idrok etar ekanlar, o‘zlarining butun ongli hayotlari va ilmiy salohiyatlarini shu din asoslarini targ‘ib etish va uning vositasida jamiyatni tarbiyalash ishiga bag‘ishladilar.

Hazrati Shayx Yassaviya tariqati asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy kabi islomning muqaddas kitobi bo‘lmish Qur’oni karim mazmuni va shariat ahkomlarining targ‘ibotchisi,oddiy xalqning islom ma’rifatini egallashi uchun jon kuydirgan shaxs edilar. Ammo, o‘zlarining xos suhbatdoshlari, muridlari davrasida esa ma’rifat sirlarini chuqurroq bilishga, uning mohiyatini qalban teranroq his etishga chorlovchi alloma ham edilar. Bu ma’no Hazratning har bir so‘zlarida, asarlarida, amallarida aks etar edi. Alloma hayoti va faoliyati tafsilotlariga bag‘ishlangan “Hazrat Xudoydodi Vali maqomotlari” asari ham bu haqda kengroq ma’lumot beruvchi manbalardan biridir.25

Asar mazmuni asosan forsiy tilda bayon etilgan. Unda turli voqea, hodisalar vositasi bilan Hazrati Shayxning o‘z muridlari, suhbatdoshlariga pand-o‘gitlar berganliklari haqida hikoya qilinadi. Matn o‘rtalarida esa sa’j, bayt, hikmat, g‘azal, naql, hikoyat sarlavhalari bilan turkiy va forsiy tillarda badiiy yaratmalar ham joylashtirilgan.

Asarning asosiy mazmuni butun borliqni yaratgan Allohning sifatlarini, tajalliysini, Uning bandalariga bo‘lgan cheksiz himmati, latofatini ko‘rsatish asosida boradi. Adib tasavvufiy tushuncha va istilohlardan foydalangan holda, ishq ahli ahvoliyatini o‘ziga xos tarzda talqin qilishga urinadi. Misralardagi tasvir-ifodalar Hazrati Mashrab, So‘fi Allohyorlarning talqin-tasniflariga monand. Xudo diydorini chin dildan istash va bu borada bori maxluqot va mavjudlikdan voz kechish ahvolotlari ichki dard bilan ifoda etiladi.

Asarda so‘fiylikning axloq qoidalari haqida ko‘plab fikrlar bayon qilinadi. Bir o‘rinda adib Shayx tilidan “CHunonchi, buyuradurlarki”, degan jumlalar bilan Hazrat Azizon fikrlarini bayon qiladi: ”Va buyurar edilarki, bir kun menga arz ettilarki, falon so‘fiy falon so‘fiy bilan janjal qilibdi. Men shunday dedim: So‘fiyga birov bilan urishish yarashmaydi, zeroki, janjal qilish husni xulq egalarining odati emas, aksincha, so‘fiy doim o‘z nafsi bilan urush qilishi kerak. Agar mosivodan uning ko‘ngli tang bo‘lsa-da, (so‘fiy) o‘z qahru g‘azabini nahang kabi yutib yuborishi kerakdur“.

Pirning maqsadi dastlab inson o‘zini anglashi, shundagina, Xudoni, borliqni anglashi lozimligi haqidadir. Pir o‘z fikrida davom etarkan, ishq ahli ko‘rinishlarini ham o‘zgacha talqin etadi. Uning fikricha, ularning tashqi ko‘rinishlari kishi ko‘ziga xomush va achinarli ko‘rinsa-da, aslan ular quvonch mukofoti bilan rag‘batlangandirlar: “Saj’: zeroki agar ular zohirda firoq dashtida sargardonlar, ammo ma’no jihatdan barchalari habib vaslidan shokir va quvonchdadirlar”.

Pir boshqa so‘fiy ijodkorlar singari tavhid falsafasini ilgari suradi: “Vujud (borliq) aslida birdir, bas, barcha borliqning mavjudligi Haq taolo vujudidan boshqa emas”. Olimning fikricha, ko‘rinib turgan neki narsa bor bo‘lsa, uning barchasi Haq taoloning mazharlari (ko‘rinishlari)dir.

Hazratning manoqiblarida “Ishq”, “Faqr”, “Saxovat”, “Tavakkul” “Ishfoq” kabi boblarda tasavvufiy tushunchalar chuqur falsafiy mushohadalar va hayotiy misollar orqali tushuntirib beriladi. Buyuk Shayx Xoja Ahmad Yassaviy ma’rifat ilmini yoygan bo‘lsa, Bobo Xudoydodi Vali bu tushunchani ilmiy nuqtai nazardan sharhlab, izohlab tushuntirib beradi.

“Maqomot”da, ma’lum bo‘layotganidek, milliy mafkuramizning asosiy masalalaridan biri bo‘lmish har tomonlama etuk shaxs tarbiyasi uchun zarur bo‘lgan ma’rifiy mavzularda so‘z yuritiladi.

Kubraviya tariqatining mashhur rahnamosi, Samarqandda XVI asr boshlarida yashab faoliyat ko‘rsatgan piri tariqat, olim va shoir Kamoliddin Husayn Xorazmiy – Maxdumi Xorazmiy (1466-1551 melodiy) ham o‘zining butun hayoti va faoliyati davomida inson e’tiborini o‘z qalbiga qaratish, qalb pokligi va to‘g‘riligiga erishish orqali jamiyat osoyishtaligi, farovonligi va barqarorligini ta’minlash mumkinligini uqtirib o‘tadi. Bu mutafakkir alloma shaxsiyati, hayoti, ilmiy-irfoniy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyati, davri va muhiti, jismoniy va ruhoniy shajarasi haqida bugungi kunda ancha aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lib, maxsus ilmiy tadqiqotlar ham yaratilgan. Xususan, samarqandlik tarixshunos olim Komilxon Kattaevning «Maxdumi Xorazmiy va xonaqohi tarixi» nomli monografiyasi

26, tarix fanlari doktori, O‘zRFA SHarqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar fondi mudiri Mahmud Hasaniyning respublikamiz matbuotida e’lon qilingan maqolalarida Shayxning o‘z ilmi va murabbiylik faoliyati bilan yarim asrdan oshiqroq vaqt davomida jamiyat a’zosi bo‘lmish har bir inson va shu insoniy jamiyat xastaliklariga davo izlagani, sabr va matonat bilan ma’rifat nurini yoygani haqida ma’lumot beriladi. Mahmud Hasaniy piri tariqatning «Irshod al-muridiyn» («Muridlarga to‘g‘ri yo‘l») deb nomlangan asarini kirill alifbosiga o‘girib, fors-tojik tilidan o‘zbek tiliga tarjima ham qilgan.27

Xo‘sh, Maxdumi Xorazmiy kim edilar?

Bu zotning ajdodlari asli andijonlik bo‘lib, Xorazmga keladilar va bu erda muqim yashab qoladilar. 870 hijriy, 1466 melodiy yilda keyinchalik Maxdum laqabi bilan mashhur bo‘lgan Husayn Xorazmiy tug‘iladi. O‘z yurtida dastlabki zohiriy va diniy bilimlarni egallagan Husayn o‘sha paytda Samarqandda yashab, faoliyat ko‘rsatayotgan mashhur murshid Xoja Ubaydulloh Ahrori Vali (q.s.) dargohiga oshiqadi. Ammo, u Buxoroga etib kelgan paytida murshid olamdan o‘tadi. Husayn Xorazmiy yana Xorazmga qaytib ketadi va 899/1493 yili Xurosonga qarab yo‘l oladi va bu erda Maxdumi A’zam nomi bilan mashhur bo‘lgan Xoja Muhammad al-Xabushoniy (q.s.) dargohiga keladi. U bu mashhur alloma xizmatida o‘n bir yil hozir bo‘ladi va tasavvuf asoslarini to‘liq egallaydi. 1504-1505 yillarda Xorazmga qaytadi. 1517 yilda hajga borish maqsadida yo‘lga chiqadi va Buxoroga etadi. Bu erdan oradan bir yil o‘tgach, muridlarining iltimoslariga binoan Samarqandga keladi.

Bu erda bir muddat G‘ori oshiqon degan joyda yashay boshlaydi. Ko‘p o‘tmay, Registon mavzeining sharq tarafidan bir hovli va bog‘ sotib oladi va Samarqandda muqim bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng, Husayn Xorazmiy Markaziy Osiyoning ko‘plab shaharlarida sayohat, ziyoratlarda bo‘ladi va 1549 yildan so‘ng bir guruh muridlari hamda o‘g‘illari SHarafiddin Husayn, SHahobiddin Husayn, Mir Hoshim Husayn, Shayx Najmiddin Husaynlar hamrohligida haj safariga chiqadi. U haj arkonlarini to‘liq ado etgach, Shom (Suriya)da yashab qoladi va 1551 yilda shu erda vafot etadi.

Maxdumi Xorazmiy hayoti haqida to‘liq ma’lumot beruvchi asar uning o‘g‘li SHarafiddin Husayn tomonidan yozilgan «Jodat ul-oshiqin» asaridir. Bu qo‘lyozmani ancha mufassal o‘rganib, tahlil qilib berar ekan, tarixshunos olim Komilxon Kattaev undagi ma’lumotlarni boshqa tarixiy-adabiy manbalar bilan solishtiradi, to‘ldiradi, ko‘p masalalarga aniqlik kiritadi. Qirqdan ziyod tarixiy-ilmiy va adabiy manbalardan foydalanib, olim Maxdumi Xorazmiy shaxsiyati, tarixiy faoliyati, pirlari va ma’naviy silsilasi, xalifalari, farzandlari, hukmdorlar bilan munosabatlari, safarlari, xonaqohi tarixi va Shayx haqidagi manbalar haqida mufassal ma’lumot beradi.

Maxdumi Xorazmiy tarixi bilan qiziqqan ikkinchi yirik olim Mahmud Hasaniy Shayxning O‘zRFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan o‘z qalamiga mansub asarlarini o‘rganib, ular sakkiztaga yaqin ekanligini ma’lum qiladi va «Irshod ul-muridiyn» nomli asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladi.

Ma’lum bo‘lganidek, Shayx Kamoliddin Husayn al-Xorazmiy yirik tariqatlardan biri – Shayx Najmiddin Kubro Xorazmiy asos solgan A’liyai Kubraviya silsilasining «Husayniya – Hamadoniya - Kubraviya» sulukiga mansub etuk pir, murshid edi. U Maxdumi Xorazmiy, Qutbiddin Husayn va SHarafiddin Husayn nomlari bilan ham shuhrat qozongan. Shayxning etuk diniy rahnamo, murshidlik faoliyati haqida asosan uning o‘zi tomonidan yozilgan asarlar mukammal ma’lumot beradi. Hozirgi kunda Shayxning yagona «Irshod ul-muridiyn» asari tarjima bo‘lganligi bois, bu asardagi Shayxning ma’rifiy g‘oyalariga e’tiborimizni qaratsak.

Yirik tariqat pirining ushbu asarida insonni komillik darajasiga etishishi uchun qo‘lga kiritishi lozim bo‘lgan ko‘pgina axloqiy sifat va fazilatlar haqida so‘z yuritiladi. CHunonchi, ma’rifat istagida yo‘lga chiqqan yo‘lchi albatta bir yo‘lboshchining etagidan tutmog‘i lozim. U o‘sha yo‘lboshchi qo‘lida go‘yo g‘assol qo‘lidagi jonsiz o‘lik kabi bo‘lmog‘i kerak. Shundagina u abadiy hayot topib, botinan ochiq ko‘z bilan ko‘rmoqlik qobiliyatiga ega bo‘ladi:

Zi man, ey do‘st, in yak nukta pazir,


Birav, fitroki sohib davlate gir.

Ki qatra to sadafro darnayobad,

Nagardad gavharu ravshan nayobad.

Asosi kor vaqte mahkam aftod,

Ki Mo‘soro Xizr megardad ustod.

Ey do‘st, mendan bir hikmatni qabul qil,

Bir sohibdavlatning uzangisidan tut.

Bir qatra yomg‘ir sadafni topmaguncha

U ravshan bir gavharga aylanolmaydi.

Ishning asosi mahkam bo‘lishi mumkin,

Qachonki, Muso (a.s)ga Xizr ustod bo‘lganda.

(Tarjima M.Hasaniyniki)

Yosh va «to‘g‘ri hayot kechiraman», deb orzu qilgan pokiza insonni, albatta bir ma’naviy rahbar o‘z nazoratiga olishi kerak. Aks holda, yo‘ldan adashib ketish hech gap emas. Bu haqda hazrat Xoja Ahrori Valining «Volidiyya» risolasida keng tushuncha beriladi. Risolani turkiyga tarjima qilgan Zahiriddin Muhammad Bobur shunday bayt keltiradi:

Ma’rifat betaba’iyyat bo‘lmas,

Qoyidi rah taba’iyyatturu bas.

«Taba’iyyat» - ergashmoq demakdir, «qoyid» - bandga soluvchi. Taba’iyyatni avvalo, nabiy alayhissalomga qilmoq kerak. Maxdumi Xorazmiy, hatto inson Muso (a.s.)dek nabiy bo‘lsa ham, «qoyid»i – Xizr (a.s.)dek bandga soluvchisi bo‘lmasa, maqsadi hosil bo‘lmaydi, deb o‘git beradi. «Hech bir tolib, - deydi Shayx, - ulug‘lik cho‘qqisining shahbozlari va anbiyolarning noiblari bo‘lgan bir ma’rifatli shaxsning himmat qanotiga osilmay turib, maqsad yo‘lining zavqidan bahramand bo‘lolmaydi».

Dunyo hoyu havasiga haddan tashqari berilmaslik, himmatli, muruvvatli bo‘lish, yomon nafs tuzog‘iga ilinmaslik lozimligini ta’kidlar ekan:

O‘zlikdan to‘ygan bo‘lmoq kerak,

Jonu tandan kechuvchi bo‘lmoq kerak.

Har bir ishda minglab tuzoqlar bor,

Bu tuzoqlarni uzub ketuvchi bo‘lmoq kerak,

deya nasihat qiladi.

Ey aziz, bilingki, - deya murojaat etar ekan, Shayx bu dunyoda hech molu mulkka, hatto, bu vujud va unga aloqador narsalarga ham ko‘ngil bermaslikni, faqir bo‘lib yashashni o‘rgatadi. Faqirlik – kambag‘allik, molu mulksizlik emas. Faqirlik – dunyo havasini, dunyoviy umr lazzatini ko‘ngilga kiritmaslikdir. «Rasul alayhissalom ana shunday faqirlikka faxr qilganlar, suvariy (tashqi) faqirlikka emas. Vaholanki, Makkada shunday faqirlar bo‘lganki, ular Rasul alayhissalomdan ham faqirroq edilar, biroq bu tashqi suvrat bo‘yicha edi», deb yozadi Shayx.

Barcha pok tariqatlarning sarhalkasi Muhammad alayhissalom bo‘lganliklari bois, ularning shaklu tariqi turlicha bo‘lsa-da, mohiyati bitta bo‘lgan. Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Xoja Ahrori Vali (q.s.) nomlarida juda katta molu mulk bo‘lishi bilan, Shayx Rasul alayhisalom kabi faqirliklari bilan faxrlanganlar. «Uning og‘ilxonasida oltin qoziqlar qoqilgan», - degan malomatlarga, - «Biz oltin qoziqni og‘ilxonaga qoqdik, ko‘nglimizga emas», - deb javob qilganlar.

Hazrati Maxdum ilm tolibiga faqat dunyoviy fanlarni o‘rganish bilan chegaralanib qolmaslikni, ko‘ngilda ixlos bilan yaxshi amal qilishni uqtiradi: «Ey aziz, faqat qol ilmini (madrasa ilmini) bilish bilan qanoatlanib, g‘ofil holda o‘tirma, ilmni amalga yaqinlashtirginki, najot topish hadis hukmi bo‘yicha amalga bog‘liqdir».

Shu tariqa Shayx Maxdumi Xorazmiy o‘zining buyuk rahnamosi Najmiddin Kubro singari inson nazarini dunyo uyidan ko‘ngil uyiga qarata burishga harakat qiladi.

Buning uchun esa, pirlarning komil ishonchlariga ko‘ra, tolibi ilmga dunyo mohiyatini chuqurroq anglatmoq lozim. Shayx Najmiddin Kubro asarlaridan iborat «Ko‘nglim ko‘zi bilan ko‘rganlarim» deb nomlangan risolada dunyoning mohiyati haqida shunday deyilgan: «Dunyo – o‘ylash o‘rni, ibrat manzili, ishrat saroyi, ko‘prik binosidir. U mo‘minlarning ekinzori, qidiruvchilarning bozori, intiluvchilarning savdo do‘koni, izlovchilarning ulovi, suluk yo‘liga kirganlarning ko‘prigi, adashganlarning ma’shuqasi, sodiqlarning o‘tar joyi, oriflarning axlatxonasi va shaytonlarning o‘lkasidir… Uning bilan savdo qilganlar aldanadi, unga ko‘ngil berganlar yo‘ldan ozadi…».

Maxdumi Xorazmiy Samarqandda faoliyat yurgizib turgan naqshbandiya va Yassaviya tariqatlari qatorida o‘z tariqati, sulukini keng yoydi, ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash maqsadi bilan yashadi. U bu erda xonaqoh, masjid, ikki madrasa, hovuz kabi inshootlarni qurdirdi. Bu majmuaning ba’zi birlari bugunga qadar etib kelgan. Akademik M.E. Masson «Putishestvie po Turkestanu» nomli asarida Maxdumi Xorazmiy haqida ma’lumot beradi, bu madrasa maxsus ko‘rlar uchun qurilganligini ta’kidlab, uning suratini ham keltiradi. Shayxning xonaqohi ham ko‘rlar uchun qurilgan bo‘lib, qorixona deb atalgan. Maqbaraning esa joyi ma’lum, ammo o‘zi hozirda yo‘q bo‘lib ketgan.


Shayx madrasasining qoshida yana bir kichik madrasa bo‘lgan. Fikrimizcha, Maxdum ikki madrasa - madrasai ibtidoiya (o‘rta maxsus ta’lim o‘quv yurtlari singari) va madrasai oliya (universitet) qurdirgan.

Madrasalar XIX asr boshlariga qadar faoliyat ko‘rsatgan. Bu erda oxirgi mudarris maxdumiyzoda To‘raxon Boboxonov bo‘lgan. Maqbara esa 1953-yilda buzilgan.

Milliy ma’naviy merosimiz durdonalarini yosh avlod tarbiyasi uchun xizmat qildirish, targ‘ib va tashviqot qilish bugungi mafkuramizning asosiy talablaridan biridir. Shayx Maxdumi Xorazmiydek yirik olimlarning hayot va faoliyatlarini ibrat tarzida, yozgan asarlarini dasturil amal sifatida vatanimiz kelajagini yaratuvchi yosh avlodga taqdim etsak, jamiyatimiz osoyishtaligi va barqarorligi uchun munosib tarzda hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.