Файл: Ozbekiston respublikasi oliy va orta maxsus talim vazirligi.doc

ВУЗ: Не указан

Категория: Не указан

Дисциплина: Не указана

Добавлен: 02.12.2023

Просмотров: 709

Скачиваний: 13

ВНИМАНИЕ! Если данный файл нарушает Ваши авторские права, то обязательно сообщите нам.


Shoh qalbida dard paydo bo‘lgani saodat nishonasidur, deydi pir («Sarmoyai saodati mo dardi yor bud»). Endi bu ko‘ngil oynasiga sayqal bermoq lozim. Sayqal topgan ko‘ngil oynasida Zoti sharif barcha sifatlari bilan zuhur etadi. «Odamning komilligi, – deb yozadilar pir, – ko‘ngil oinasida Do‘st – mahbubning zuhur etishi natijasidir».

Ammo, shuni bilmoq zarurki, «mahbubning Zotiga nihoya yo‘qligi kabi, muhabbat kamoliga ham nihoya yo‘qdir». Pir shohning hurmat-e’tibori, ixlosi, suhbatga umidvorligini uning ma’rifat pillapoyalaridan komillik sari ko‘tarilishi, deb biladi: «Harchand, tobe’lik va payravlik ziyoda bo‘lsa, demak ma’rifat ham ziyoda bo‘lg‘usidur, harchand ma’rifat ziyoda bo‘lsa, demak komillik ham ziyoda bo‘lg‘ay» (43-b.).

Mavlono Xojagiy (q.s.) Bobur Mirzo kabi pir etagidan tutmoqlik kamolot yo‘lidagi yo‘lchi uchun eng to‘g‘ri qaror ekanligi, tarbiyada mohiru komil kishining tajribasi, bilimi juda zarur ekanini ta’kid etadi. U o‘zining murshidi Xoja Ahrori Vali (q.s.) o‘gitlariga payravlik bilan quyidagi baytni keltiradi:

Pir boyad, rohro tanho marav,

Az sayri umr dar in daryo marav.

(Mazmuni: Pir bo‘lsa, yo‘lni tanho yurma, Ko‘r-ko‘rona chuqur daryoda sayr etma).

Ma’naviy rahnamo, ya’ni tarbiyachi, murshid xuddi hoziq tabib singaridur, deydi muallif. Har bir odamning mizoji - tabiati turlichadir. Ilohiy hoziq tabiblar tolibning ma’naviy kasalligi, iste’dodiga qarab tashxis qo‘yadilar, parhez buyuradilar. Parhezdan murod-tavbadir. So‘ng g‘izoi solih tayin etiladi. G‘izoi solih – luqmai haloldur.

Toliblarning iste’dodlari turlicha bo‘lganligi sababli pir ularning har biriga o‘ziga munosib muomalada bo‘ladi. Agar kishida umuman iste’dod bo‘lmasa-chi?

Bu savolga Xoja Ahrori Valining (q.s.) «Risolai volidiyya» asarida javob keltiriladi. Bu asarni tarjima qilgan Bobur Mirzoga masala ayon: garchi kishida iste’dod zaif bo‘lsa, hol maqomini zabt etgan el suhbatida bo‘lsin, ular oldida adab saqlasin, bu uning vasl yo‘lidagi shuuriga sabab bo‘ladi. Agar madobo tarki adab etsa, «bu el ko‘nglidin ul tushgusidur», egallagan holidan zarra asar qolmaydi. Chunki, uning ko‘nglidagi fayz «o‘sha ko‘ngullar» vositasida hosil bo‘lgan edi. Hazrati Haq va uning sevgan bandalari nazar va karam etmasalar, gar tolib farishta bo‘lsa ham daftari qop-qora bo‘ladi. Bobur Mirzo tarjimasida yozadi:

Beinoyoti Haqu xosei Haq,

Gar malakdur qoradur anga varaq.

«Risolai Boburiya»da ham shu mazmundagi pandu nasihatdan so‘ng, mazmunan yaqin bayt keltiriladi:

Beinoyoti Haqu xosoni Haq,

Gar malak boshad, siyosatash varaq.

Ya’ni:

(Haq inoyatisiz va pirlar himmatisiz, Gar podshoh bo‘lsa-da, siyosati essiz) (157-b.).

Bir o‘rinda «Orif kishiga bir ishora kifoya qiladi», degan mazmunda so‘zlanganda, pir so‘zining isboti uchun Bobur Mirzo tarjimasiga murojaat etib, bu haqda «darveshlar qalbining mahbubi rostu durust aytgan, kamolu latif bayon shu bo‘lsa kerak», deydi (66-b.).

Shu tariqa, kamolot yo‘lining murakkab masalalari tahlili va talqinida uch ma’rifatpesha shaxs bir-birlariga hamfikru hamroz bo‘lib uch asarda mushohada yuritadilar.

Pir toliblariga namuna qilish maqsadida Xojai Buzrug – Xoja Bahovaddin Balogardon (q.s.) hollari haqida so‘zlaydi va ul zotning o‘zlariga «malomat urishni xayr ko‘rishlarini» qayd etadi. Misra keltiriladi: Oshiqlar jonining quvvati malomatdur. Shu o‘rinda Bobur Mirzo ruboiysidan avvalgi bayt tazmin qilinadi, ya’ni: «… darveshlar qalbining mahbubi (ya’ni, Bobur Mirzo) tavajjuh va nadomat bobida dedilarkim, bayt:

Dar havoi nafsi gumrah umr zoe’ kardaem

Peshi ahlulloh az atvori xud sharmandaem» (85-b.)

Ruboiyning ikkinchi bayti

Yak nazar bo muflisoni xastadil farmo, ki mo

Xochagiro mondaemu Xochagiro bandaem

mazmuni sharhida pir Bobur Mirzoni malomatiylardan, deya ulug‘laydi: «Ul zotlarning (malomatiylarining – S.D.) nazdida nadomat izhorini qilish, umrni zoe’ ketkazmay kasb uchun sarmoyai saodatga etish – bu kamolga etish demakdir». Pir so‘zini davom ettirib, podshohning pirdan madad so‘raganligini mamnuniyat bilan ma’qullaydi va bu saodat nishoni, deb aytadi: «Himmat yuzasidin pirlardan madadu qo‘llashni so‘rash, boqiy qolgan jarohatlardan yormandlik tilash va mo‘‘min birodarlaridan bu madadni olib, ko‘ngil shikastaliklaridan qutulishlari (Xudo tomonidan) marhamat mahali deb tushunilishi lozimkim, xalqning kasbu kamolga erishish yo‘li ushbudir» (86-b.).


Risola muallifi Bobur Mirzo baytida kelgan «xojagiy» atamasining e’tibori barchaga doxil bo‘lsa-da, ammo Haqqa yaqinlar va «ul janob» (ya’ni, Bobur Mirzo)ning nazdida hech bir e’tibori yo‘qdur, deydi. Baytdagi keyingi so‘z «bandalik» so‘zini izohlar ekan, pir podshoh hayoti va e’tiqodiga taalluqli katta bir tarixiy haqiqatni ayon etadi. Mana, benazir shoh va shoir shaxsiyatini mukammal namoyon etuvchi hujjat:

«Va yana ul janob (Bobur Mirzoning) bul tomondagilarga (ya’ni, muallifga) «bandalik» xohishi, uning jamii a’molini anglatgan holda amalga oshdi (ya’ni, Bobur Mirzo muallifga banda – murid bo‘lish niyatiga etdi)» (87-b.).

Ayon bo‘layotirki, Bobur Mirzo 935-hijriy (1529-mil.) yillarda naqshbandiya tariqatiga rasman kirgan va Mavlono Xojagiy (q.s.) tomonidan murid deb qabul qilgan. Fikrimizni quvvatlash uchun atoqli olim N.Komilovning quyidagi so‘zlarini keltirsak, maqsadimiz ayon bo‘ladigandek ko‘rinadi: «…biz Shayxlar, oriflar tasavvufidan ijodkorlar tasavvufini farq qilishimiz kerak. Sufiylar uchun tariqat zikru samo’, vajdu hol, kashfu karomat edi. Attor, Rumiy, Jomiy, Navoiy singari buyuk shoirlar uchun esa u shuuriy mushohada usuli, inson zotini ma’naviy barkamol holda ko‘rish orzusi, sirli xayoliy olamni tasavvurda yaratib, ideal bir go‘zallik ishqida yonish bo‘lgan».53 YAnada oydinroq ta’kidlamoqchi bo‘lgan mulohazamiz shundan iboratki, Bobur Mirzo ham Hazrat Alisher Navoiy singari xonaqohlarda o‘ltirmay, xirqa va kuloh kiymay naqshbandiya tariqatining rasmiy vakili bo‘lgan. Alisher Navoiyning 1476-77 yillarda «Tuhfat ul-afkor» qasidasini yozib Hazrati Jomiyga yuborishi va uning javobi voqeasini adabiyotshunos olimlar ulug‘ shoirning bu tariqatga rasman kirishi, deb baholaydilar. Bunga sabab – Jomiy maktub va unga qo‘shib tuhfa tariqasida Navoiyga «takalluf tojini tark etish» ramzi bo‘lgan bir bo‘rk va «jahondan qo‘l yuvgan kishi qo‘lining suvini artadigan» bir bo‘z ro‘molcha yuboradi. Naqshbandiy pirning bu e’tirofi sevimli do‘stining tariqatdan benasib qolishini istamaganligi va uni murid sifatida qabul qilganligi belgisi edi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, ikki yirik mutafakkir ijodkor o‘z davrlarining etakchi mafkurasi sanalmish naqshbandiya tariqatiga o‘zlarining yuksak badiiy tafakkurlari mahsuli – asarlari vositasi bilan qabul qilinadilar. Bu hodisa ularning pirlarining istagi bilan amalga oshadi.

Mavlono Xojagiy (q.s.) «darveshlar qalbining mahbubi» Bobur Mirzoni banda-muridlikka qabul qilinishi munosabati bilan unga bir ruboiy bag‘ishlaydi:

Bandagishon xulosai amal ast,

Har ki ro‘shon bidid, dar amal ast.

Ey barodar, g‘ulomi mardon bosh,

Girdi eshon chu charxi gardon bosh.

(Mazmuni: Bandaliklari amallari xulosasidir, YUzlarini ko‘rgan kishi – orzu, umidlar ichradir. Ey birodar, mardlar g‘ulomi bo‘l, Ular atrofida charxi gardon bo‘l) (87-b.)

Pir Bobur Mirzoning

Darveshonro garchi na az xeshonem,

Lek az dilu chon mo‘‘taqidi eshonem

degan satrlarini «G‘oliban, bu – niyoz va ulug‘ ixlos darajasidur», deya baholaydi. Keyingi baytni esa –

Dur ast mago‘y shohiyu darveshy,

SHohem, vale bandai darveshonem –

pir «e’tiqodmandliklari va o‘zlarini Alloh ahllariga o‘xshatishga tirishganliklari hamda ularga xizmat qilganlari uchun ham ularning jinsidan bo‘lib, jon dillari ila izhori aqidalarini qiladilar», deya izohlaydi. Ruboiylar sharhida pir nihoyatda samimiy. «Darveshlarga garchi qarindosh bo‘lmasak-da, deb aytibdilar shoh, deydi u va bayt keltiradi:

Hazor xesh, ki begona az Xudo boshad,

Fidoi yak tani begona, ki oshno boshad.

(ya’ni: Xudoni bilmagan ming qarindoshdan, Bir do‘sti begonaga fido bo‘lgan afzal).

Bobur Mirzoning birgina shu baytidan, deydilar pir, Haq Subhonahu va taoloning bashar xilqatidan kutayotgan maqsadi hidi anqib turadi.

Ulug‘ pir yozgan risolasi munosabati bilan shavkatli shoh va dilbar shoirga uning sharafini yanada oshirish maqsadida Ilohiy dard tilaydi. Bobur Mirzoga “suratan shohu siyratan darveshlik» martabasini tilaydi. Bu uning samimiy e’tirofida yorqin namoyon bo‘ladi: «Hazrati Eshonning «Risolai volidiyya» asarlarini muvaffaqiyatli tarjimasidan beqarorlik va beoromlik dardining hidi keladiki, mulozamatli suhbatlardan bu ma’lum bo‘ladi. Umid qilamizki, (tarjimadagi) durust va davomli aqidayu e’tiqodli so‘zlardan (Ilohiy) dard talabi kundan kunga ortib boradi, Inshoollohi taolo!» (93-b.). Zero, pirning komil e’tiqodiga ko‘ra, insonning barcha maxluqotlardan ortiq sharaflanishi ushbu Dard tufaylidir.



Pirning yuksak madaniyati va namuna bo‘lgulik fazilatlari uning risola yakunidagi podshohga murojaatida ham yaqqol namoyon bo‘ladi: «… imkon qadar adabsizlik qilishga urindik, ma’zur tutsinlar. Shu bahonada javob risolasi yozildikim, biror beqadr narsa sifatida qabul qilinsin». (94-b.)

Darvesh Haqni kashf etgan odam, deydi atoqli olim N.Komilov «Xizr chashmasi» nomli kitobida.54 Shuning uchun shoh uni istab borishi, duosini olishi, unga itoat etishi shart, shunda ishi rivoj topadi. Bobur Mirzo xuddi shunday qildi va piri aytganidek, «ko‘ngil shikastaliklaridan qutuldi». U din va dunyo ishlarini naqshbandiya suluki bilan muvofiq tarzda birga olib bordi. Uning kuch-qudrati, aqlu farosati, siyosati dunyo ishlarini hal etish bilan band bo‘lgan bo‘lsa, ko‘ngli din va tariqatni do‘st tutdi. Bir fardida shoir shunday iltijo qiladi:

Yorab, xavos jam’ida Boburni xos qil,

Yoxud avom zumrasidin xalos qil.

SHoir darveshlarga nisbatan ixlosu havas bilan, ba’zan darveshlikni orzu qilib yashadi. Bu uning ko‘nglidagi pinhoniy g‘amu g‘ussa, piri aytmish «ilohiy dard» edi:

Adam yo‘liga ko‘ngul kirdi ishq dog‘i bila,

Bu yo‘ldin o‘tmadi har kimki benishon keldi.

Farog‘at istar esang bo‘l jarida, ey Bobur,

Ki, jonu tang‘a g‘amu g‘ussa xonumon keldi.

U o‘zi havas qilgan «naziri yo‘q kishi» – Navoiy she’riyatida bo‘lgani kabi sufiyona mushohadalarini g‘azallari so‘nggi baytlarida pardalab bayon etdi, mumtoz shoirlar an’analarida berilgan orifona fikrlarni rivojlantirdi:

Tan hijobin raf’ qil, gar yor vaslin istasang,

Ey ko‘ngul, bilkim aroda hoyil ushbu pardadur.
Bormu erkin ishq elinda, balki olam ahlida,

Muncha chog‘liq hasratu anduhkim Boburdadur.

Xullas, piri lutf qilmish «darveshlarning mahbubul-qulubi», shoh suratli, darvesh siyratli, millatning sevimlisi Bobur Mirzo uni sevganlardan bir olimning ta’rifiga ko‘ra: «… siyratida javonmardlik sifatlari bilan tug‘ilgan Bobur naqshbandiya sulukining haqiqiy soliki bo‘ldi va nihoyat, malomatiya kulohini boshga qo‘yib, toju taxt va umuman, olamning hoyu havaslari bandidan ozod bo‘ldi. Lekin, bu yo‘l uzoq va mashaqqatli edi».55

Navoiy orzusidagi rasman shohu qalban darvesh Bobur Mirzoning buyuk shaxsiyati uning farzandlariga bo‘lgan munosabati, xatlari, bag‘ishlov kitoblarida ham namoyon bo‘ladiki, bu endi yoritilishi lozim bo‘lgan katta mavzu.

Insonni har jihatdan go‘zal va kamolot sohibi sifatida ko‘rishni orzu qilgan buyuk mutafakkir Alisher Navoiy o‘zining bu orzusidagi idealni asosan ijod ahli orasidan qidiradi. U badiiy ijod ahlini behudud mehr va ehtirom bilan «Majolis un-nafois» tazkirasida shunday ta’riflaydi: «… nazm ilmi qoyillari va she’r fani komillarikim, daqoyiq durri pokining bahri ummoni va maoniy la’li otashnokining koni bo‘la olg‘aylar, base sharif xayl va aziz qavm bo‘lg‘aylar».

Navoiyning kichik zamondoshi va samimiy muxlisi Zahiriddin Muhammad Bobur ham buyuk salafi kabi chinakam shoirni chuqur ma’nolar gavharlari to‘la dengiz sifatida tasavvur etar ekan, uning tab’i kamoliga e’tiborini qaratadi. Uning nazarida ham «sharif xayl va aziz qavm» na ahli din, na ahli joh, na ahli mulk, balki ahli tab’ – tabiatida nafosat, nazokat, fazolat; fikri va so‘zida balog‘at va latofat asarlari aks etib turgan kishilardir.

Bobur devonini varaqlagan kishi uning hayoti davomida ko‘ngli sevgan ahli tab’ga intilganining guvohi bo‘ladi. SHoir mashhur «YOz fasli, yor vasli…» deb boshlanadigan she’rida hayotining eng farahli damlarida ko‘ngli kamolot sohiblari davrasida bo‘lishni tilaganini, do‘stlarining tab’i kamoli va xossai holi unga ma’lum bo‘lishini istaganini, bu tufayli ko‘ngli fayzu futuh topajagini bayon etadi:

Do‘stlarning suhbatida na xush o‘lg‘ay bahsi she’r,

To bilingay har kishining tab’i birla holati.

Yoki:

Xatingni ko‘rub ko‘ngulga hayrat bo‘ldi,

SHe’ring eshitib jonga musarrat bo‘ldi,

Bir necha mahal tag‘ofil etting, demagil,

Tole’ yo‘q ediki, muncha g‘aflat bo‘ldi.

«Sharif xayl» suhbatida bo‘lgan shoirni zohiriy maftunkor ko‘zu, qoshu, xattu xol qanoatlantirmaydi. U go‘zal majoziy husndan undan-da go‘zal ilohiy ma’no qidiradi. Ikki moddiy borliq – vujud ham, ruh ham fazlu kamolda bir-birini to‘ldirmog‘i lozim. Vujud malohati qadu, yuzu, qoshu, ko‘zu, xattu, xolu, zulfu, labi la’lu va b. yaratilmishlarda ko‘rinsa, ruh latofati ko‘zu so‘zda, amalu hunarda namoyon bo‘ladi. Bobur chinakam ruh latofatiga oshiq:


Ko‘rdung dog‘i ko‘zungga giriftor etting,

So‘rdung, dog‘i so‘zungga giriftor etting,

Bu tab’u kamoling bila o‘z boshing uchun,

Boshtin meni o‘zungga giriftor etting.
Tab’i kamolini hunarida namoyon etgan sozanda Boburdek noziktab’ni «g‘uncha dahani» bilangina o‘ziga asir eta olmas edi:

Noz uyqusidin biror zamon oyilg‘il,

Guldek kulub, ey g‘unchadahan, ochilg‘il,

Ko‘nglumni iliklading, cholib chang, ey yor,

CHangingdadur ko‘ngul navozish qilg‘il.

Shoirning e’tirofiga ko‘ra, podshohni asir etmoq mushkulotini ahli tab’gina echa oladi:

Mening tilagim budurki, to zinda bo‘lay,

Har qanda esang banda, dag‘i banda bo‘lay,

Ne xulq edi yona ko‘nglum olding so‘z ila,

SHirin so‘zu yaxshi xulqungga banda bo‘lay.

Shunday ekan, o‘z davrining ahli ma’nisi sarxayli bo‘lmish Bobur uchun ishq vasfi, visol va hijron ta’rifi o‘zining benazir ichki dunyosi, chuqur ilmiy dunyoqarashi, e’tiqodini ifoda etish uchun bir vosita edi. Uning e’tiqodiga ko‘ra, haqiqiy ishq sohibini kamolotga undaydi. Ishqda sohibkamol bo‘lmoq, tabiatan mutlaq go‘zallashmoq, mutlaq aqlu farosat sohibi bo‘lmoqdir. «Ishq ila devonalig‘da bo‘lmisham sohib kamol, Ishq ahli emdi Boburni degaysiz zufunun», deb yozganida shoir aynan shu ma’noni nazarda tutgan edi.

Sohibkamol oshiqni zohirbin olam ahli tushunmaydi, uning talabi nimaligini idrok eta olmaydi. Shunday bo‘lgach, oshiqqa tuhmat, malomat qiladi. Barcha oshiqlarning ishi olamda rasvo bo‘lmoqdur, ammo, da’vo katta bo‘lsa, sinov ham katta bo‘lganidek, hech kim «Ishq aro Bobur kibi rasvoi olam bo‘lmasun».

Ishq – Boburning murodi, ammo, bu tuyg‘u shoirga behad qattiq mehnat, mashaqqat, xoru zorlik keltiradiki, u beixtiyor nomu nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishni istaydi, fanoni orzu qiladi:

Istaram, ey ishq, mendin qolmag‘ay nomu nishon,

Tufroq et jismimni dog‘i elga bergil tufrog‘im.

Ishq shoir uchun kamolot yo‘lida har bir oshiq bosib o‘tishi lozim bo‘lgan darajalardir. Xususan, ishq – mehnat:

Shodlig‘niyu farog‘atni qo‘yub, oshiq bo‘lub,

Mehnatu g‘amni qilib men o‘zima paydo yana;

ishq – junun:

Tiymag‘il devona ko‘nglumniki, rasvo bo‘lma deb,

Oshiq o‘lg‘aymu edi u telba rasvo bo‘lmasa;

ishq – rasvoliq:

Necha rasvo bo‘lg‘amen ishq ichra shaydolig‘ bila,

Hech kim ko‘rmaydurur oshiq bu rasvoliq bila.

Boburning o‘rta asrlar Sharq, aniqrog‘i, Markaziy Osiyo ilg‘or tafakkuri mahsuli bo‘lmish hayotsevar naqshbandiya tariqatiga munosabati xususida so‘z yuritar ekan, ustoz Yo.Ishoqov «Naqshbandiya va o‘zbek adabiyoti» nomli kitobida xususan, shunday deydi: «… siyratida javonmardlik sifatlari bilan tug‘ilgan Bobur naqshbandiya sulukining haqiqiy soliki bo‘ldi va nihoyat, malomatiya kulohini boshga qo‘yib, toju taxt va, umuman, olamning hoyu-havaslari bandidan ozod bo‘ldi. Lekin, bu yo‘l uzoq va mashaqqatli edi» (104-6). Kitobda olim Boburning naqshbandiya tariqatiga mansub oilada tug‘ilib, tarbiya topgani, uning birinchi rasmiy piri Xoja Mavlono Qozi (q.s.), lekin ma’naviy murshidi Xoja Ahrori Vali (q.s.) bo‘lgani, shu jihatdan u, Bahovaddin Naqshband (q.s.) singari uvaysiy bo‘lgani haqida so‘z yuritadi.

«Boburnoma»da shoir o‘zi e’tiqod qo‘ygan pirlari va ularning ruhoniy, ma’naviy madadlari haqida g‘oyatda oshkora va maroqli hikoyatlar keltirgani holda, she’riyatda maxsus bir maqsad va ilhom bilan hamdu na’t, munojotlar bitishga, faqru fano, vahdatul vujud mohiyatini majoz vositasida ifoda etishga rag‘bat ko‘rsatmaydi. Bu mazmundagi fikrlar uning ba’zi baytlarida namoyon bo‘lib qoladi. Masalan:

YOrab, xavos jam’ida Boburni xos qil,

YOxud avom zumrasidin xalos qil.

YAna:


Tan hijobin raf’ qil, gar yor vaslin istasang,

Ey ko‘ngul, bilkim aroda hoyil ushbu pardadir.

Bobur she’riyatida naqshbandiya tariqatining havoi nafs va riyoga qarshi qo‘yilgan futuvvat va malomatiylik kabi talablari mazmuniga mos keladigan baytlar anchagina. Futuvvat (javonmardlik)ning yuksak namunasi hazrat Bahovaddin Naqshband (q.s.)ning do‘stlik vafosini saqlamoqlari, Do‘st rizosi uchun aziz farzandlarini fido qilmoqlari misolida namoyon bo‘lsa, malomatiylikning oliy maqomi Hazrat Balogardonning vafo ahli sanalmish itning izlariga yuz qo‘yib, o‘zlarini undan-da xor, past tutishlarida ko‘zga tashlanadi.


Bobur g‘azallarida, ruboiylari, tuyuqlari, qit’alari va fardlarida goh futuvvat, goh malomatiylik ko‘rinishlari favqulodda badiiy lavhalar, timsollar vositasida namoyon bo‘ladi. Uning lirik qahramoni uchun mutlaq rizolik - shior, yaxshilikning ham, yomonlikning ham javobi faqat yaxshilik, xayr keltirish bo‘ladi. Uning orzusi:

Aningdek bo‘lsakim, aslo tafovut bo‘lmasa paydo,

Agar bu dahri dun xor aylasa, gar e’tibor etsa…

Bobur xoh «Boburnoma»da bo‘lsin, xoh devonida bo‘lsin, xoh masnaviylarida bo‘lsin ochiq-oydin o‘z ayblarini oshkor qiladi, «Har neki qilib edim pushaymon bo‘ldim» qavli bilan pushaymonligini izhor qiladi. U shu qadar beriyo, rostgo‘y, pokizatabiatki, «Mubayyin» asarini yozish chog‘ida avvallari ba’zan hazil, ba’zan hayosizroq bitgan she’rlari uchun qattiq hayo va pushaymonlik qiladi, bundan keyin bu tariqa she’r umuman yozmaslikka ahd qiladi. Shu tariqa Zahiriddin Bobur malomatiylikning yorqin timsoli sifatida namoyon bo‘ladi. Ammo, shoir o‘z-o‘zini malomat qilish bilangina cheklanmaydi. Uning malomatiyasi mardlik – javonmardlik bilan uyg‘un. Hatto, munojotlarida ham shoir mardlik bilan Tangri taolodan taqdir so‘raydi. Munojot ruhidagi quyidagi ruboiylarida shoir YAratguchi dargohi oliysidan lutfu marhamat tilar ekan, uning bahodirlik va shijoat aks etib turgan qiyofasi namoyon bo‘ladi:

YO qahri g‘azab birla meni tufroq qil!

YO bahri inoyatingda mustag‘roq qil!

YO rab, sengadur yuzim qaro gar oq qil,

Har nav’ sening rizong erur, andoq qil!

YAna:

YAkson karaming qoshida mudbiru muqbil,

Oson sening olingda jami’ mushkul.

YO lutfu inoyat oncha qilkim, ko‘taray,

YO qahru g‘azabni toqatim boricha qil.

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining dilbar she’riyati misolida yuksak did va tab’ egalari fazilatlarini, mardlik va shijoatning timsolini, sohibkamollik sifatlarini bag‘oyat dilkash alfoz va tarzda ko‘rsatib berdi. Uning lirik qahramoni aksari o‘zi o‘laroq, zamondoshlari va keyingi avlod uchun, millatning ahli tab’i, kamolot yo‘lchilari uchun o‘rnak bo‘lajak o‘zining benazir go‘zallikka ega ma’naviy portretini chizib berdi. Binobarin, Bobur lirikasi ahli tab’ do‘stligini istaganlar, ahli kamol izlaganlar uchun dilkash hamsuhbat, dilbar yori aziz, tuganmas ma’naviy xazinadir.